Elektr energiyasi va gazdan qarzdor bo‘lganlarni tarmoqdan uzish boshlandi
Majburiy ijro byurosi direktori Botir Qudratxo‘jayevning O‘zA bilan suhbatda aytishicha, Markaziy bank bilan birga elektr energiyasi va gazdan tushadigan mablag‘larni hamda sud hujjatlari yuzasidan undiruvlarning yagona bank hisob-raqamlarini ochish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, kundalik tushum “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz” kompaniyalari ma'lumotlarini bankdan olingan ma'lumotlar bilan taqqoslash orqali o‘rganilmoqda. Hududlarga Bosh prokuror o‘rinbosarlari hamda mas'ul xodimlar biriktirilgan.
“Energoresurslar hisob-kitoblarining elektron bazalariga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish maqsadida ulardan ko‘chirmalar olindi. Ularning qonuniy yuritilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish uchun 423 nafar prokuratura xodimi biriktirildi. Energoresurslardan va sud hujjatlari bo‘yicha qarzdorlarning elektron bazasi shakllantirilib, tahlil qilinmoqda. Elektr energiyasidan qarzdor bo‘lgan 48 ming 376, tabiiy gazdan qarzdor bo‘lgan 22 ming 146 iste'molchi tarmoqdan uzildi”, - degan Qudratxo‘jayev.
Uning aytishicha, sud ijrochilari ish yurituvidagi ijro hujjatlari bilan birga sudlarning 1991 yildan hozirga qadar bo‘lgan ijro hujjatlari xatlovdan o‘tkazilmoqda. Xatlov natijasida faqatgina 18 kun ichida sudlar tomonidan 48 ming 239 (41,7 milliard so‘mlik) ijro hujjati majburiy ijroga qaratilmaganligi aniqlangan.
2017 yilning 1 iyulidan boshlab iste'molchilar – jismoniy shaxslar har oyning 10 sanasiga qadar o‘tgan oyda iste'mol qilingan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitob qilishlari lozim. Muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lganda, iste'molchi – jismoniy shaxslar belgilangan tartibda elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan majburiy uziladi.
“Kelgusida iste'molchilarga energiya resurslarini yetkazib berish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq to‘lanmagan hollarda iste'molchilarga nisbatan elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi”, - deydi ijro byurosi direktori.
Elektr va gaz tarmoqlaridan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda iste'molchi – jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida, yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘larni o‘tkazish orqali undiriladi.
Mavzuga oid
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
09:39 / 24.10.2024