Jahon | 15:05 / 20.07.2017
7195
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt eronlik diplomatlarni chiqarib yubormoqda

Kuvayt hukumati eronlik 15 diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborish, harbiy attashe va madaniyat ishlari bo‘yicha attashe apparatini yopishga farmoyish berdi. Bu haqda Sky News Arabia telekanalida ma'lum qilingan.

«Biz Kuvayt manfaatlari himoyasi uchun mamlakatdagi Eron diplomatlariga qarshi diplomatik choralar ko‘rdik» , — degan Kuvayt axborot vaziri.

Ma'lum qilinishicha, payshanba kuni Eron elchixonasiga harbiy va madaniyat attashesi apparati yopilgani bildirilgan nota yo‘llangan. Kuvayt hukumati eronlik 15 diplomatga mamlakatdan chiqib ketish uchun 45 kun muhlat bergan, endilikda mamlakatda eronlik 4 diplomat qoladi.

Shuningdek, Kuvayt hukumati Eron bilan hukumatlararo qo‘mitalar faoliyatini to‘xtatishga farmoyish bergan.

Bunday choralar yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan suddan keyin qabul qilindi. Kuvayt kassatsiya sudi 2016 yil Eron foydasiga josuslik qilganlikda aybdor deb topilgan shaxsga chiqarilgan o‘lim jazosini umrbod qamoq jazosi bilan almashtirgandi.

Nomi ma'lum qilinmagan sudlanuvchi 2016 yilda ishtirokchilari Eron va «Hizbulloh» shialar harakati foydasiga josuslik qilganlikda hamda mamlakat xavfsizligiga xavf soluvchi harakatlarni tayyorlashda aybdor deb topilgan «Al-Abdali» bo‘limiga kirgan.

Mavzuga oid