18:00 / 24.07.2017
30042

Neymar, Mbappe, Aleksis. Bizni oldinda kutayotgan TOP-transferlar

Yozning jazirama kunlar Yevropa futbolida ham sezilmoqda. Yangi mavsum oldidan o‘z oldiga ma'lum maqsadlarni qo‘ygan jamoalar odatdagidek transferlarga zo‘r berishmoqda. So‘nggi vaqtlarda Yevropada futbolchilar narxining keskin oshib ketishi natijasida ko‘plab rekordlar yangilanmoqda. Shuningdek bu yozda o‘tgan yili o‘rnatilgan mutlaq rekord ham yangilanishi kutilmoqda. Tribuna.Uz yozning qolgan bir oydan ko‘proq muddatida amalga oshishi kutilayotgan transferlar top-10ligini taqdim etadi.

10. Federiko Bernardeski
Bo‘lajak jamoasi: «Yuventus»
Narxi: 40 mln. yevro

Bugun kunning ikkinchi yarmida Federiko Bernardeski Turin klubi bilan shartnoma imzolashi kutilmoqda. Klub rasmiy tvitteri Bernardeski klub bazasiga yetib kelganini tasdiqladi. Italiya matbuotida yozilishicha, «Yuventus» 23 yoshli futbolchi uchun 40 million yevro beradi. Shuningdek Bernardeskining 10 foiz huquqi ham «Fiorentina»da qoladi.

9. Riyoz Mahrez «Lester»
Qiziqayotgan jamoalar: «Roma», «Arsenal»
Narxi: 45 mln. yevro

2016 yilgi mavsumning tom ma'nodagi kashfiyoti Riyoz Mahrez jamoasi bilan YeChLda ishtirok etgani sababdan ham «Lester»da qolgandi. Bu mavsumda esa «Lester» yana o‘z joyiga qaytdi va endi jamoa yetakchisi boshqa klubga o‘tishni istamoqda. Oldinroq jazoirlik futbolchiga «Arsenal» jiddiy qiziqish bildirgandi. Biroq uning narxi sabab muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Endilikda «Roma» 26 yoshli yarimhimoyachini o‘z safida ko‘rishni istamoqda. «Lester» Mahrez uchun 45 million yevro talab qilib chiqqan.

8. Ivan Perishich, «Inter»
Qiziqayotgan jamoa: «Manchester Yunayted»
Narxi: 50-60 million yevro

«Manchester Yunayted» ikki yil oldin chap qanotni Marsial bilan «betonlashtirgan» bo‘lsa, bugungi kunga kelib, fransuz futbolchisi Mourinoning ishonchini qozona olmayapti. O‘z vaqtida transfer summasi juda ko‘p shov-shuvlarga sababchi bo‘lgan Marsial asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Mourino esa uni o‘ziga kelib olishni kutgisi kelmayapti. Shu maqsadda jamoa «Inter»ning xorvatiyalik vingeri Ivan Perishichni sotib olishni istamoqda. «MYu»da so‘nggi yillarda kuzatilayotgan holat: unchalik nom chiqarmagan futbolchilarga katta pul taklif qilayotgani bu o‘rinda ham ko‘zga tashlanmoqda. Perishich Xorvatiya miqyosida mashhur futbolchi bo‘lishi mumkin ammo Yevropaning yuqori saviyasiga 29 yoshida qanchalik javob berishi katta so‘roq ostida. «MYu» ana shunday futbolchi uchun 50 million yevro taklif qilmoqda. Eng qizig‘i «Inter» shunga ham ko‘nganicha yo‘q. Ularning talabi 60 million yevro.

7. Benjamen Mendi, «Monako»
Yangi jamoasi: «Manchester Siti»
Narxi: 57,5 million yevro

«Manchester Siti» va himoyachi mavzusi o‘ziga xos klassika. Olovning yonishi, suvning oqishi va «Manchester Siti»ning har yili rekord darajadagi pullarni himoyachilar uchun sarflashi tabiatning doimiy qonuniyati, degan hazilomuz chiqishlar bugun modada. Kayl Uoker Deniel Levidek «qattiq» biznesmendan 56 million yevroga (bonuslar bilan) sotib olingach, himoyachilar transferi borasida rekord takrorlangandi. Bugungi kunga kelib, «Siti» endi mutlaq rekordni o‘rnatmoqchi. Mendi uchun arab shayxlari «Monakoga 57,5 million yevro berishga rozi bo‘ldi. Hozirda fransuz futbolchisi AQShda «Siti» tarkibida tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgani aytilmoqda. Transfer haqida yaqin 48 soat ichida xabar berilishi kutilmoqda.

P.S. maqola tugatilishi arafasida «Manchester Siti» rasmiy sayti Mendi transferini e'lon qildi. U klub bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Transfer summasi kutilganidek 57,5 million yevro.

6. Virjil Van Deyk, «Sauthempton»
Qizqayotgan jamoalar: «Liverpul», «Chelsi», «Manchester Siti»
Narxi: 70 million yevro

Benjamen Mendining rekordi ham bu yil uchun chegara bo‘la olmasligi mumkin. Bunga aynan «Soton»ning niderlandiyalik himoyachisi yo‘qqa chiqarishi mumkin. Avvaliga futbolchiga «Manchester Siti» va «Chelsi» klublari ham qiziqish bildirgandi. Ammo uning uchun qo‘yilgan narxdan so‘ng jamoalar fikridan qaytdi. «Liverpul» esa futbolchini o‘zini ko‘ndirishga urinib ko‘rdi va buni sezib qolgan «Sauthempton» liverpulliklar ustidan ariza yozdi. Shundan so‘ng «Liverpul» rasmiy sayti orqali «Soton» vakillaridan uzr so‘radi va boshqa Van Deykni bezovta qilmaslikka so‘z berdi. Oradan bir oycha vaqt o‘tib endi Van Deyk jamoaga ultimatum qo‘ydi va ketmoqchi ekanini aytdi. «Liverpul» endi uning uchun 70 million yevro berishga ham tayyor bo‘lib turibdi.

5. Per-Emerik Obameyang, «Borussiya» D,
Qiziqayotgan jamoalar: «Milan», «PSJ»
Narxi: 70-80 million yevro

Tomas Tuxel «Borussiya»ni tark etgach, Per-Emerik Obameyang ham jamoani tark etish harakatiga tushib qoldi. Avvaliga futbolchi uchun «PSJ» da'vogarlik qilgandi. Matbuotda ikki klub og‘zaki kelishuvga ershigani ham xabar tarqatgandi. Ammo keyinroq bu bitim ham yolg‘on bo‘lib chiqdi. Endilikda «Milan» Obameyangni ortga qaytarishni ko‘zlagan. Futbolchining o‘zi ham bunga qarshi emas, ammo dortmundliklar rahbariyati uni yozgi transferlar paytida sotishni istamayapti.

4. Andrea Belotti, «Torino»
Qiziqayotgan jamoa: «Milan»
Narxi: 100 mln yevro

Italiya futbolining kelajagi deb qaralayotgan Andrea Belotti so‘nggi vaqtlarda ko‘rsatgan o‘yini bilan Yevropa transfer bozorini larzaga keltirdi. «Torino» uning shartnomasiga narx belgiladi: 100 mln. Hozirda «Milan» futbolchi bilan jiddiy qiziqmoqda. Morata «Chelsi»ga o‘tib ketgach, endilikda «Milan»ning hujumchi borasidagi asosiy maqsadi aynan turinliklar yetakchisi bo‘lmoqda.

3. Aleksis Sanches, «Arsenal»
Qiziqayotgan jamoalar: «Manchester Siti», «PSJ»
Narxi: 60 mln. yevro

Sanchesning «Arsenal» bilan bir yillik shartnomasi qolgan. Shu bois uning transfer narxi birmuncha past ko‘rinishi mumkin. Ammo uni qo‘lga kiritish uchun jiddiy ko‘rash kechmoqda. Avvaliga «Bavariya» uning uchun kurashgan bo‘lsa, endilikda «PSJ» Neymar transferi o‘xshamatsy qolganda aynan chililik hujumchini o‘z safiga olib kelishni maqsad qilib turibdi.

Biroq futbolchi uchun eng asosiy da'vogar hamon «Manchester Siti» bo‘lib turibdi. Futbolchi aynan shu klubda o‘ynashni istamoqda. Gvardiolaning o‘zi ham sobiq shogirdi bilan ishlashni xohlayapti. «Siti» uning uchun 60 mln yevro to‘lashga ham tayyor. Ammo, birgina muammo bor: Arsen Venger. Uning aytishicha, Sanches hech kimga sotilmaydi. Ayniqsa Angliyadagi asosiy raqobatchisiga.

2. Kilian Mbappe, «Monako»
Qiziqayotgan jamoalar: 
«PSJ», «Real», «Manchester Siti», «Arsenal»
Narxi: 190 mln. yevro

Yozning dastlabki qismida eng katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan transfer Avvaliga «Arsenal» va «Liverpul» futbochi uchun jiddiy takliflar tayyorladi. Biroq bu narxlar 115 mln yevrodan oshmadi. «Monako» uni 130 million yevroga sotishga tayyor ekanini bildirgandi. Biroq, keyinchalik futbolchi bilan qiziquvchi klublar «Monako» ruxsatisiz muzokaralar olib borayotganini bilib qolgan klub uning FIFAga arz qilmoqchi ekanini bildirdi va uning transfer narxini 190 million yevroga oshirdi. Bu narxga uni kim sotib olishi hozircha noma'lum.

1. Neymar, «Barselona»
Qiziqayotgan jamoa: 
«PSJ»
Transfer narxi: 222 million yevro

Iyulning o‘rtalariga kelib ko‘pchilik Mbappe transferi haqida unutishni boshladi. Sababi aynan mana shu shov-shuv. Kutilmaganda Neymar «Barselona»ni tark etgisi kelib qoldi. «PSJ» ham uning shartnomasida ko‘rsatilgan aqlbovar qilmas summani to‘lab berishga tayyor ekanini bildirdi.

Hozircha yozning eng asosiy «serial»i bo‘lib turgan bu transfer haqida bir kunda o‘nlab yangi ma'lumotlar chiqmoqda. Kimdir uni «Barselona»da qoladi desa, kimdir uni «PSJ» bilan qop-qop pullar bo‘yicha kelishuvga erishganini yozmoqda. Har xolda bu holat yoz haqiqiy futbolni sog‘inib qolganlarni zeriktirmayapti. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, bu transferning amalga oshishi juda yaqin. O‘z navbatida futbol tarixida ham alohida sahifa ochiladigan transfer amalga oshishi kutilmoqda.

Top