10:37 / 24.07.2017
20059

Terma jamoa manzil tomon ketmoqda

Donishmandlik tajriba mahsulidir. Leonardo da Vinchi

Moziyga qaytib ish ko‘rmoqlik xayrlidir, deb boshlagandi Abdulla Qodiriy «O‘tkan kunlar» romanining muqaddimasini. Ayni paytda futbolimizda shunday jarayon kechyaptiki, bu holatda tariximizning nisbatan uzoqroq bo‘lgan davrini esga olishimiz o‘rinli bo‘lmoqda. Negaki, O‘FFning hozirgi xotirjamligi bundan qariyb 8 asr muqaddam Muhammad Xorazmshohning yo‘l qo‘ygan xatolarini eslatmoqda.

Osiyoda ikki qudratli davlat Xorazmshohlar va Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar imperiyasi o‘rtasida jang bo‘lishi muqarrar edi. Aslida xorazmshohlar podshohining qo‘shini son jihatidan raqibdan ko‘proq, salohiyatda qudratliroq edi. Ammo ayrim sub'yektiv prinsiplar sababli sulton mo‘g‘ullarga qarshi jangga xato strategiya tanlaydi. Jang arafasida o‘tkazilgan kengashda buyuk qo‘mondon Jaloliddin Manguberdi va ayrim sarkardalarning dushmanni mamlakat tashqarisida qarshi olib, jang qilish taklifini rad etgan Xorazmshoh onasi Turkon Xotinning so‘ziga kirib, «har kim o‘zini himoya qilsin» qabilida qo‘shinni bo‘lib tashlagan holda mudofaga tayyorgarlik ko‘rish haqida farmon beradi. Mo‘g‘ullar bo‘lingan kuchlarni birin-ketin yanchib, shaharu-qishloqlarni vayron qiladi, begunoh odamlarning yostig‘ini quritadi. O‘ziga «Iskandari soniy» nomini bergan Sulton Xorazmshoh qo‘rqqanidan mamlakatni tashlab qochadi. Taxt esa aslida bunga noloyiq bo‘lgan shahzoda O‘zlakshohga qoladi. Yakuni nima bilan tugaganini tarix darslaridan yaxshi bilasiz.

Vaqt tinmasdan yugurgilamoqda. 31 avgust tobora yaqinlashmoqda. Lekin bizning tayyorgarligimiz mundialga chiqish istagida yonayotgan jamoa darajasida emas. Guus Hiddinkning nigeriyalik sobiq yordamchisi Onekening taklif etilishi Sulton Xorazmshohning (missioner) savdogar Mahmud Yalavoch orqali to‘plagan ma'lumotlari singari ahamiyatli, lekin tub burilish yasash darajasida tanlov emas. Baribir terma jamoadagi yondashuvlar eskiligicha qolmoqda. Klublar bilan o‘rtoqlik bahslari, chala tarkib bilan chala tayyorgarlik... Futbolimizga mas'ul bo‘lgan insonlar xorazmshohlardek tadbirsiz. Muxlislar va OAVning ovozi O‘FFdagi mutasaddilarning sukunatini buzishga qodir emas. Naqadar o‘xshashlik! Tag‘in bir o‘xshashlik bor. Mo‘g‘ullar ham shimoli-sharqdan kelgandi, navbatdagi ikki raqib ham Sharqdan. Shtilikeni haydab, yangi murabbiy ish boshlagan Janubiy Koreya va JCh-2006da Italiyani chempion qilgan Marchelo Lippi boshqarayotgan Xitoy terma jamoalari. Chin yurti vakillari 3-o‘rin uchun oxirigacha harakat qiladi. Bu aniq. Janubiy Koreya esa buyog‘iga imkoniyat boricha kurashadi. Bir necha yildan buyon Ule Shtilikening iste'fosi haqida Koreya matbuotida ko‘p yozildi. Qatardagi mag‘lubiyat esa koreyslarning toqatini toq qildi. Nemis mutaxassisiga chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘yildi. Murabbiylik kursisini terma jamoani juda yaxshi biladigan mutaxassisga topshirildi. Ayni vaziyatda eng to‘g‘ri tanlov ham shu aslida. Xullas, raqiblarimiz bo‘lajak uchrashuvlarga jiddiy hozirlik ko‘rishmoqda. Bizda esa parokandalik hukm surmoqda. Futbolimiz ichidagilar va atrofidagilar ikki qutbga bo‘lingan: Babayanga xayrixoh O‘FF va murabbiylar shtabiga mutlaqo ishonmay qo‘ygan muxlislar hamda jurnalistlar. Federatsiya jurnalist va muxlislarning tinimsiz e'tirozlariga parvo qilmasdan Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabiga sentabrga qadar imkoniyat berishi haqida bayonotini ma'lum qilib bo‘ldi. Ammo bu bilan muhokamalar to‘xtab qolgani yo‘q. O‘FF xuddi Xorazmshoh kabi beparvo, Babayan esa Ahrol Inoyatov ta'biri bilan aytganda, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, qochib yuribdi. Jabrdiyda Babayan! Terma jamoa tepasiga kelayotganida u bilmasmidi ishlar ko‘ngildagidek ketmasa, shunaqa bosim paydo bo‘lishini? Yoki faqat biz o‘zbeklarda bormi terma murabbiylariga e'tirozlar to‘lqini?! Bir yurtning bosh jamoasi, futbolining yuzi bo‘lishi lozim bo‘lgan milliy terma mas'uliyati unga buvisining bog‘chasidimiki, indamaygina erkalikka yo‘yib ketaveradigan. Eplasa shu bosimni yengib ishlasin, natija ko‘rsatsin, Skolariga o‘xshab. Butun boshli Braziliya Romarioning JCh-2002ga olinmaganidan norizo edi. Skolariga ishonchdan ko‘ra tanqidlar yog‘ilardi, u esa mardlarcha ish tutgandi.

«G‘alaba butun Braziliyaniki mag‘lubiyat uchun faqat men javob beraman» degandi tanqidlarga javoban. Luis Felipe va'dasining ustidan chiqib Braziliyani beshinchi chempionlikka olib borgandi. Ahrol aka, siz «natija yaxshiligida jim edinglar, endi tanqid qilishga o‘tdinglar», deya uning tarafini olibsiz-u lekin futbolning shafqatsiz qoidalarini unutibsiz. Bu ishda ko‘ngilchanlik ketmasligini e'tibordan chetda qoldiribsiz. Agar aksincha bo‘lganida Shenol Guneshga Turkiya termasi bosh murabbiyligi lavozimi umrbod kafolatlanardi. Mourino 2005 yildan boshlab haligacha «Chelsi»da ishlab yurgan bo‘lardi. Anchelottini doim «qizil-qora» bo‘yinbog‘da ko‘rardik. Arsen Venger hech ham tanqid nimaligini bilmasdan ishlardi. Eski muvaffaqiyatlari vajidan ko‘plab mutaxassislar o‘sishdan to‘xtardi, futbolchilar o‘smasdi, klublar va terma jamoalardagi natijalar yanada yaxshilanmasdi va natijada futbol o‘sishi bu qadar bo‘lmasdi. Ammo futbolda murabbiydan doim natija kutiladi. Avvalgi natijalar esa tarixda qolaveradi. To‘xtadimi tanqid qilinadi, lozim bo‘lsa, chiqish eshiklar ko‘rsatiladi. Murabbiyning qismati shunday. Buni murabbiylikni tanlayotgan har bir inson yaxshi anglashi kerak.

Babayanning esa murabbiy sifatida birinchi bor bunday holatga tushishi. Menimcha terma jamoa murabbiyi uchun eng kerakli narsa TAJRIBAning yo‘qligi uning eng katta muammosi. Ana shu narsa unga pand bermoqda. O‘rindiqda savlat bilan o‘tirib murabbiyga menejyer sifatida buyruq berish, aql o‘rgatish, ta'sir qilish bilan butun millat ko‘z tikkan o‘yindagi mas'uliyat yukini har on his etgan holda bir joyda o‘tira olmasdan maydon chetida yurish orasida farq juda katta. Bu yerda Babayan tushunib yetgan bo‘lsa-da, his eta olmagan narsalar borki buning uchun murabbiy sifatida yillar davomida ishlash kerak. (Yoki Mourinodek «o‘zga sayyoralik» yoxud Zidanda bo‘lgani kabi superyulduzlardan iborat ikki tarkibga ega bo‘lish lozim. Biroq Samvel Babayanda na Mourinodek salohiyat va na Zidandagidek yulduzli gvardiya mavjud.)

Bugungi kunda ideal murabbiy sifatida e'tirof etilayotgan Yoxim Lyov ham shu cho‘qqiga yetgunicha ancha achchiq tajribalarni boshdan kechirgan. Ispaniyani tarixda birinchi marta chempion qilgan del Boske, Italiya termasida Lippi, Braziliyada Skolari. Bu murabbiylar muvaffaqiyatlari zamirida tajribaning nafasi ufurib turadi. Xitoyni birinchi bor mundialga olib chiqqan Bora Militunovichni olaylik! Unda ham katta tajriba bor edi. Ayniqsa, terma jamoalar bilan ishlash va JChga ishtirok etish borasida. Bizda esa qaysi mezonlar asnosida termaga murabbiy tanlanadi o‘zi? Ishqilib buning tagida sport prinsiplariga xos bo‘lmagan omillar ham yo‘qmikan, deb tashvishlanaman.

O‘FF Babayanning qolishi haqida bayonot berarkan, muxlislarga hurmat bilan qarashiga alohida urg‘u berib o‘tgandi. Aslida tashkilotning o‘zini hurmat qilisharmikan ular? Zimmasida mamlakat futbolining taqdiri bo‘lgan bu insonlar chindan ham futbolni sevishadimi o‘zi? Termamiz ishtirokidagi o‘yinni ko‘rayotganda asablari tarang tortilarmikan, hayajondan yuragi bo‘g‘ziga qadar otilarmikan? Madhiya yangrayotgan paytda qonida VATANPARVARLIK hislari jo‘shib, tanida bir nimalar bijillab titrarmikan? Mag‘lubiyatlardan so‘ng zulmatda qolgan so‘qirdek ruhi tentirab qolarmikan? Yoki ular muz aqli bilan otash hislarini o‘chiradigan darajadagi sovuqqon professionallarmikan? Yo‘q, menimcha, federatsiya bunday havolardan benasib maskan. Aks holda Vatan sha'ni uchun maydonga tushadigan milliy terma jamoa tajribasiz bir insonga ishonib topshirmasdi. Shaxmat tili bilan aytganda, shoh muhofazasini vazir yoki to‘raga topshirish mumkin bo‘lgan holatda piyodaga ishonishdek gap-ku bu.

Rahim Yusuf Ali

Top