Jahon | 10:05 / 27.07.2017
10652
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili: Ukraina hukumati meni fuqarolikdan mahrum qila olmaydi

Odessa viloyatining sobiq rahbari va Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining ma'lum qilishicha, Ukraina hukumati uni fuqarolikdan mahrum eta olmaydi. Bu haqda u feysbukda yozdi.

Saakashvilining ta'kidlashicha, Ukrainada 13 yildan beri yashamoqda.

«Menda faqat bitta fuqarolik bor – Ukrainaning, hamda ular meni undan mahrum qila olishmaydi! Hozir meni qochqin maqomini olishga majburlashmoqchi. Bu ro‘y bermaydi! Men qayerdadir qolib, qandaydir maqomni olish niyatida emasman! Ukrainaga qaytish uchun qonuniy huquqqa erishaman!», - deya yozgan Odessa viloyati sobiq rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko u mamlakatda bo‘lmaganida, uni fuqarolikdan «o‘g‘rincha» mahrum qilishga qaror qilgan.

«Bugun siz, Pyotr Alekseyevich [Poroshenko], chegarani bosib o‘tdingiz. Bugun butun davlat sizning «yangichasiga yashash» va'dalaringiz qanday bahoga ega ekanini tushundi», - deya qo‘shimcha qilgan Saakashvili.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina g‘alaba qozonishi va «Yevropadagi juda kuchli» davlat bo‘lishi uchun ishlagan.

«Men hozirgi deputatlarning aksariyatidan ham ko‘proq ukrainalikman. Men Ukrainani butun yuragim bilan yaxshi ko‘raman, hamda kurashni davom ettiraman», - deya xulosa qildi Saakashvili.

Avvalroq OAV Saakashvili Ukraina fuqaroligidan mahrum etilgani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid