20:13 / 31.07.2017
7602

Yoshlar ilk bor Oliy Majlisda: qonun loyihalari muhokamasi qizg‘in o‘tdi

31 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda kuzatuvchi sifatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining bir guruh faol yoshlari ishtirok etdi. Yoshlar bevosita uchta qonun loyihasining muhokamasiga ishtirok etdi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi axborot xizmati xabar bermoqda.

Dastlab, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a'zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida yaratilgan shart-sharoitlar, majlislar zallari, o‘quv xonalari, kutubxonalar bilan yaqindan tanishishdi. Deputatlarning ish jarayoni haqida tasavvurga ega bo‘lishdi.

Shundan so‘ng, deputatlar o‘z ishini “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonun loyihasinining birinchi o‘qishi muhokamasi bilan boshladi.

Faol yoshlarga kun tartibiga qo‘yilgan qonunlarning loyihasi taqdim etildi. Qizg‘in bahs-munozoralar ichra “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi, “Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash to‘g‘risida”gi qonunlarning loyihalari muhokama qilindi.

Majlisda qonun loyihalarining ikkinchi o‘qishga tayyorlash doirasida jamoatchilik, yoshlar, ayollar, keksa avlod vakillari, turli soha ekspertlari va mutaxassislari ishtirokida muhokama etilishi bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ta'kidlash joizki, yig‘ilishdan so‘ng spiker yoshlar vakillari bilan alohida uchrashib, Oliy Majlisda bunday keyin yoshlarga alohida e'tibor berilishi, klublar tashkil etilishi va ular bilan muntazam aloqa o‘rnatilishini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, yoshlar vakillarining ushbu yig‘ilishga ishtirok etishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyeyovning 12 iyuldagi parlament vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida ilgari surilgan edi. 

Top