13:03 / 03.08.2017
5501

Xalqaro press-klubning navbatdagi mehmoni Ekoharakat vakillari bo‘ldi

Foto: "Kun"

2 avgust kuni Xalqaro Press-klubda O‘zbekiston ekologik harakati tashkil etilganining 9 yilligi munosabati bilan anjuman tashkil etildi. Tadbir spikerlari sifatida Ekoharakat Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Saidrasul Sanginov, Qonunchilik palatasi deputati, Ekoharakat deputalari guruhi a'zosi Cadirjon Jakbarov, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shohruh Shorahmedov, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari ofisi  maslahatchisi Xans Ulrix Im ishtirok etishdi. 

2009-2015 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihalari va ijtimoiy buyurtmalari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo viloyati va respublikamizning boshqa hududlarida qishloq vrachlik punktlari va boshqa ijtimoiy muassasalarga umumiy qiymati 397 million so‘m bo‘lgan tibbiy uskunalar, quyosh stansiyalari, shamol generatorlari va suv isitish kollektorlari o‘rnatildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan o‘tgan davr mobaynida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini himoyalashga oid 12 ta qonun qabul qilindi. O‘tgan davr mobaynida Ekoharakat qoshidagi “Ishonch telefoni”ga fuqarolardan 3000ga yaqin  murojaat kelib tushgan bo‘lsa, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning 70  foizdan ortig‘iga ijobiy yechim topildi. 

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekologik ta'lim va tarbiya tizimini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Oliy o‘quv yurtlari talabalari va magistrlari o‘rtasida “Global iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha eng yaxshi g‘oya” tanlovi, maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Onajonim tabiat” insholar va rasmlar tanlovini o‘tkazish ana'naga aylandi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Buloqcha” – (Rodnichok) bolalar ekologik jurnali nashrdan chiqarilmoqda.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston ekologik harakati va SEMAK Equipment’s and Technology MChJ o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, Ekoharakat SEMAK Equipment’s and Technology bilan chiqindilarni qayta ishlaydigan korxonalar uchun uskuna-agregatlar ishlab chiqaradigan korxona tashkil etish maqsadida umumiy qiymati 5 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan investitsiya kiritish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Top