Jahon | 10:40 / 21.08.2017
18553
4 daqiqa o‘qiladi

Video: AQShda asoschi otalar monumentini yo‘q qilishni istashmoqda

Sharlotsvillda Fuqarolik urushi vaqtida janubliklar (qullikning bekor qilinishiga qarshi chiqqanlar) armiyasiga qo‘mondonlik qilgan general Robert Li haykalini olib tashlash taklifidan keyin millatchilar va ularga qarshi chiquvchilar o‘rtasida boshlangan qarama-qarshiliklar davom etmoqda.

Endilikda konfederatsiyaning (qullikni qo‘llab-quvvatlaganlar) barcha arboblaridan voz kechish bo‘yicha takliflar bildirilmoqda. Xususan, Amerika asoschilari Jorj Vashington va Tomas Jyeffersondan ham.

OAVda Jorj Vashington (Amerikaning birinchi prezidenti, 1789-1797), Tomas Jyefferson (1801-1809), Teodor Ruzvelt (1901-1909) va Avraam Linkoln (1861-1865) sharafiga Kistoun shahri yaqinidagi Rashmor tog‘larida toshdan o‘yib ishlangan haykallarni yo‘q qilish bo‘yicha takliflar bildirilmoqda. Bu monument AQSh tashkil topganiga 150 yil to‘lishi munosabati bilan ishlangan. Bu prezidentlar AQSh tarixidagi eng muhim shaxslar hisoblanishadi. 

CNN telekanali efirida qora tanli jurnalist Amerika asoschilari bo‘lgan prezidentlar o‘z bobolarini odam sifatida ko‘rmagani, ularning haykallarini yo‘q qilish kerakligini aytadi.

VICE nashrida «Rashmorni portlataylik» sarlavhasi bilan maqola nashr qilindi.

«Ha, Vashington va Jyeffersonda qullar bo‘lgan», deyiladi maqolada.

Qayd etish kerakki, Rashmor tog‘idagi haykallardan biri Avraam Linkoln quldorlikka qarshi kurashgan ilk prezident hisoblanadi, unda qullar bo‘lmagan. Ammo u boshlagan shimol va janub o‘rtasidagi Fuqarolik urushi mamlakat tarixidagi eng halokatlisi bo‘lgan.

1861 yil 12 aprelda boshlangan fuqarolar urushi mamlakatda misli ko‘rilmagan qurbonlar sonining ortib borishi, iqtisodiy tushkunlik, irqchilik va millatchilik ko‘rinishidagi ziddiyatlarni tugatish bilan yakunlandi. Uillyam Foks va Tomas Leonard Livermor o‘tkazgan tadqiqotlardan ayon bo‘ladiki, mazkur urushda qariyb 620,000 kishi vafot etgan. 1889 yilda aniqlangan bu raqamlar hozirgi paytgacha fuqarolar urushida halok bo‘lgan eng katta raqam sifatida e'tirof etiladi.

Shimol va janub shtatlarining to‘qnashuviga, asosan, yangi tashkil etilayotgan hududlarda quldorlik tizimini bekor qilish masalasi sabab bo‘lgan, deya keltiriladi. Aslida shimoliy hududlarda qora tanlilarning huquqlari qisman tiklangan bo‘lib, janubda quldorlik hamon barqaror edi. Paxta plantatsiyalari, yirik ferma xo‘jaligida xizmat qiluvchi qora tanli arzon ishchi kuchi quldorlik tizimini yo‘qolib ketmasligining asosiy omili bo‘lgan. Shundan keyin, shtatlar erkinlik va fuqarolik jamiyati uchun qo‘liga qurol oldi. Fuqarolar urushining yakunida, 1865 yilning 9 aprel kunida janub armiyasi qo‘mondonlarining so‘nggisi, general Robert Li jang maydonida yengildi. Shuning bilan Amerika konfederativ shtatlari o‘z umrini yashab o‘tdi.

Aynan o‘sha qo‘mondon Robert Lining haykali irqchilik eng avj olgan Virjiniyaning Sharlotsvill shahrida o‘rnatilgan.

8 iyul kuni haykalda qizil bo‘yoqlar bilan bitilgan «Qoralar masalasi muhim» yozuvi paydo bo‘ldi.

Keyinchalik maktab o‘quvchisi haykalni Sharlotsvilldan olib tashlash to‘g‘risidagi petitsiya boshlashi ziddiyat ko‘lamini kengaytirdi.

Bundan avvalroq AQShda qullikni kuchda qoldirgan sudya haykalini buzib tashlash taklifi bildirilgandi.

Mavzuga oid