O‘zbekiston | 15:21 / 23.08.2017
50799
2 daqiqa o‘qiladi

«Press-klub vazirlikmas. Ba'zan formatdan chiqib ketish holatlari ham bo‘ldi» - Sherzod Qudratxo‘jayev

Foto: Facebook/Sherzod Qudratxo‘jayev

23 avgust kuni O‘zMTRK Media markazida Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati ishtirok etib, jurnalistlar bilan muloqot olib bordi. Uning boshlanish qismida XPK raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev Press-klub faoliyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. 

«Biz o‘tgan haftalar mobaynida respublika viloyatlariga chiqdik. 16 kun ichida 10 viloyatda bo‘ldik. Biz o‘zimizga yarasha xulosalar qildik va bu bo‘yicha loyihalar tayyorlayapmiz. Bizning maqsadimiz, Prezident islohotlarining joylardagi bevosita ijrochilari, hokimlarni xalqqa yaqindan tanishtirish edi. Biz katta avlod, xorij siyosatchilarini bilardik, ammo joylarda katta o‘zgarishlarning boshida turganlarni yaxshi bilmasdik», dedi u. 

Qudratxo‘jayev shuningdek, XPKning asosiy vazifasiga to‘xtalar ekan, Press-klub vazirlik yoki hokimiyat idorasi emasligini yodga olib, u jurnalistlar axborot olishi uchun maydoncha ekanini ta'kidladi. 

«Press-klub vazirlikmas, ko‘rsatuvmas, aslida. Press-klub muloqot uchun, jurnalistlar axborot olishi uchun maydoncha. Ba'zan formatdan chiqib ketish holatlari ham bo‘ldi. Tok-shouga aylanib qoldi. Ammo, bunga ham ehtiyoj bo‘lgani sababli shunday yo‘l tutildi. 

Bugungi sessiya Press-klubning o‘z formatiga qaytishi bo‘ladi. Ya'ni jurnalistlar va vazirlik hamda idoralar vakillari o‘rtasida fikr almashishni yo‘lga qo‘yish», degan Qudratxo‘jayev. 

Press-klubning jonli efirga chiqishi bekor qilingani ko‘rsatuvlar jadvalining torligi va XPK kabi ko‘rsatuvlar katta efir vaqtini olib qo‘yilayotgani bilan izohlandi.

Mavzuga oid