O‘zbekiston | 18:55 / 28.08.2017
57019
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zMU rektori universitetga «tanlanganlar» guruhi o‘qishga kirgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov universitetning Sotsiologiya yo‘nalishi uchun qabul imtihonlari natijalariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishga oldindan «tanlangan» abituriyentlar o‘qishga qabul qilingani haqida gumonlar paydo bo‘lishiga munosabat bildirdi. 

«Bunday bemazagarchiliklar oldini olish uchun jiddiy kurash boshlandi. Jiddiy natijalarga erishish uchun biroz vaqt kerak. Jiddiy kurash olib borilmoqda», deya so‘z boshladi rektor Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.

Rektor Milliy universitetda imtihonlardagi shaffoflikni ta'minlash uchun eng yangi texnologiyalar qo‘llanayotganini eslatib o‘tdi.

«Prezident bu masalani ko‘targanidan keyin ko‘p ishlar olib borildi. Hujjatlarni qabul qilishda firibgarliklarning oldini olish uchun eng zamonaviy texnologiyalarni, yuzdan, barmoqdan tanuvchi texnologiyalarni qo‘lladik, imtihonlar vaqtida videokuzatuvni joriy qildik. Natijalar yaxshi bo‘ldi. Bunga o‘zingiz guvoh bo‘ldingiz (Kun.uz saytida bu o‘zgarishlar yoritilgan).

Vazirlik ham, Oliy ta'lim muassasalari ham, bilimsiz abituriyentlar o‘qishga kirishidan manfaatdor emas. Bundan davlatimiz iqtisodiyoti zarar ko‘radi.

Ishlar yetarlicha samara keltirmayotgan bo‘lsa, buning uchun barcha aybni oliy ta'lim muassasiga yuklash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Tashqarida abituriyentlarga o‘qishga yordamga beruvchilar katta industriya tashkil etishgan. Bu ishga aralashmaydiganlar kam. Bu ishni kasbga aylantirib olishgan.

Men bu masalani hukumatga ko‘tarib chiqdim. Bosh vazir rahbarligidagi qabul komissiyasida muhokama qildik. Natijada, guruhlarni qayta shakllantirdik.

Masalan, matematika fakulteti, axborot xavfsizligi ta'lim yo‘nalishida bir mahalladan 30dan ortiq kishi, ta'lim sohasiga aloqador bo‘lmagan ayollar hujjat topshirgani aniqlandi. Ularning 7 nafari bitta ko‘chadan. Ularning hammasi bitta guruhni tashkil qilgan. Abituriyentlar 30tadan guruhga ajratilganida har bir guruhga «yetaklovchilar» («paravozlar») bo‘ladi.

Hozircha bunday holatlarning balki o‘ndan birining, balki, yuzdan birining oldini olishga erishdik. Bunday holatlarning oldini olish uchun sizlar bilan hamkorlikda kurash olib borishimiz kerak», deydi rektor.

Kun.uz jurnalisti Avazjon Marahimovga Sotsiologiya yo‘nalishida kuzatilgan holat bo‘yicha izoh so‘rab, «Qing‘ir yo‘llar bilan o‘qishga kirib olganlar o‘qishda davom ettiraveradimi. Ulardan qaytadan test olish imkoni yo‘qmi?» deya yuzlangan.

«Davlat test markazi natijalarini bekor qila olmaymiz. Lekin sentabr oyida ular bilan alohida ishlaymiz. Yozma ish olish yoki boshqa sinov ko‘rinishlarida ularning haqiqiy bilimini baholashimiz kerak. Biz buni qilamiz.

Talabni kuchaytirsak, undaylar o‘z-o‘zidan sinovdan o‘ta olmasdan o‘qishdan ketadi.

O‘zlashtira olmagan talabalar nizom asosida talabalar safidan chiqariladi», dedi O‘zMU rektori.

Estafeta davom etadi. Navbatdagi «tasodif» Milliy universitetda

Kun.uz saytida Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida kirish imtihonlari vaqtida qing‘irliklar ro‘y bergani haqida ma'lumotlar keltirilgan «Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi sirlar ochilmoqda», «Narxoz»da test kuni «rektorskaya gruppa» ishlaganmi yoki bu bir tasodifmi?» va «Narxoz»ga kimlar kirgan o‘zi: Sxema qanday ishlagan?» sarlavhalari ostida maqolalar berildi.

Sayt Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU) rektori Bahodir Hodiyev bilan bog‘lanib, undan izoh so‘rashni istadi. Ammo na u bilan bog‘lanishning, na o‘rinbosarlaridan javob olishning iloji bo‘ldi.

Mavzuga oid