12:47 / 30.08.2017
15483

Aliment to‘lamagan er ozodlikdan mahrum etildi

Ma'muriy va jinoiy ishlar sudlar tomonidan jinoyatchilikning oldini olish maqsadida korxona, muassasa, tashkilotlarda sayyor tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida bo‘lib o‘tdi. Sayyor sudda aliment to‘lamagan ikki fuqaroning ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Muqaddam sudlangan toshkentlik O.K. turmush o‘rtog‘i bilan ajrashib, farzandini boquvchisiz qoldiradi. U oilasini og‘ir ahvolda tashlab ketganiga qaramay, turli bahonalar bilan aliment to‘lashdan bosh tortadi. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2014 yil mart oyidagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, O.K. farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment to‘lab borishi belgilangan edi. Ammo qonuniy burchini bajarishdan ochiqchasiga bosh tortgan O.K. 38 oy davomida 8 million 240 ming so‘m miqdordagi aliment pulini to‘lamay kelgan. 

Sayyor sud zalida O.K.ga aliment qarzini to‘lash taklifi bildirildi. Lekin u pulni to‘lash va yarashishni istamadi. Voyaga yetmagan farzandini moddiy ta'minlashdan bosh tortganligi uchun O.K. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Poytaxtlik A.A. ham voyaga yetmagan farzandi ta'minoti uchun aliment to‘lashdan bosh tortib kelgan. U 2012 yil 1 yanvardan joriy yilning iyul oyiga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida 16 million 404 ming so‘m alimentdan bo‘lgan qarzini to‘lamagan. A.A. sayyor sud zalida mazkur qarzni to‘liq to‘ladi. 

Top