12:44 / 31.08.2017
5347

Fuqarolarni FVdan muhofaza qilish sohasida tayyorlash – mahallaning vazifasi

Foto: mahallafond.uz

Vazirlar Mahkamasining 21.08.2017 yildagi 650-son “Aholining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorgarligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Aniqlashtirilishicha, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lmagan aholini favqulodda vaziyatlardan (FV) muhofazalanish masalalari bo‘yicha tayyorlash mahalla fuqarolar yig‘inlarining o‘quv-maslahat punktlarida amalga oshiriladi.

Ma'lumot uchun: ushbu tayyorlash suhbatlar o‘tkazish, leksiyalar o‘qish, o‘quv filmlari ko‘rish, yashash joyida o‘quv mashqlari va mashg‘ulotlarga jalb etish, shuningdek qo‘llanmalar va eslatmalarni mustaqil o‘rganish, radioeshittirishlarni tinglash, teledasturlarni ko‘rishdan iborat.

O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondiga aholi va hududlarni FVdan muhofazalash bo‘yicha quyidagi funksiyalar berilgan:

•  mahalla fuqarolar yig‘inlari darajasida fuqaro muhofazasi va FVga tayyorgarlik sohasidagi vazifalarni hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlariga hamda boshqa tashkilotlarga ko‘maklashish;
•  mahalla fuqarolar yig‘inining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lmagan aholisini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga tayyorlash;
•  FVlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tadbirlariga aholini ixtiyoriy ravishda jalb etish.

Top