13:32 / 07.09.2017
21478

Bank xodimiga nisbatan firibgarlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Chirchiq shahrida bank xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi xabar qildi.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, Chirchiq shahrida yashovchi uy bekasi D.E. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat etib, unda ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent viloyati mintaqaviy filiali xodimi B.T. (1966 y.t.) uning ishonchiga kirib, Chirchiq shahrida joylashgan uylardan birini sotib olib berish haqida aldab, firibgarlik yo‘li bilan unga tegishli bo‘lgan 13 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritganligini bildirgan.

Oxirgi vaqtlarda tez-tez uchrab turgan firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida, viloyatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan fuqarolardan firibgarlik qurboniga aylanmaslik uchun bir nechta qoidalarga rioya etishlari so‘raladi.

Doimo shaxsiy ma'lumotlaringizni himoya qiling

Shaxsiy ma'lumotlaringizni himoya qiling va ulardan uchinchi shaxslar foydalanishiga yo‘l qo‘ymang. Sizning shaxsiy ma'lumotlaringiz (masalan, pasport ma'lumotlari, bank hisob raqamiga oid ma'lumotlar, to‘lov kartalar kodlari va h.k.) firibgarlar tomonidan turli noqonuniy holatlarda foydalanilishi mumkin. Shuning uchun bu ma'lumotlarni Sizga notanish shaxslarga, ayniqsa internetdagi ishonchsiz manbalarga ishonmang.

Faqat ishonchli insonlar bilan ish yuriting

Faqatgina Sizga yaqin insonlar va ishonchli hamkorlar bilan moddiy va moliyaviy munosabatga kirishing. Bundan oldin Sizning kelgusi hamkoringiz va uning rejalari to‘g‘risida imkon darajada ko‘proq ma'lumotga ega bo‘ling.

Shartlarni yozma ravishda rasmiylashtiring

Barcha moddiy va moliyaviy munosabatlarni yozma ravishda rasmiylashtirishga intiling, bu oddiy qog‘ozdagi tilxat yoki notarial tasdiqlangan shartnoma bo‘lishi mumkin. Chunki, qarzdorning shaxsiy ma'lumotlaridan iborat bo‘lgan oddiy tilxat ham Sizga ehtimoliy nizolar va muhokamalarda yordam berishi mumkin.

Tavakkal qilmang

Moddiy imkoniyat va mablag‘laringizdan foydalanish bilan bog‘liq qandaydir qaror qabul qilishdan oldin uning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida fikr yuriting. Shoshilmang. Tavakkal va ehtimoliy oqibatlarni baholang.

Qisqa muddatda ko‘proq pul ishlab topish imkoniyatlariga ishonmang

Taklif etilayotgan chegirma, diskont, kutilmagan yutuqlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘ling, doimo e'tiborli bo‘ling, chunki firibgarlar, eng avvalo, o‘z qurbonlarining soddaliklaridan foydalanadilar.

Mavzuga oid
Top