Jahon | 14:59 / 11.09.2017
16113
5 daqiqa o‘qiladi

Mixail Saakashvili 5 yilga qamalishi mumkin

Foto: RIA "Novosti"

Ukrainaning Odessa viloyati sobiq gubernatori Mixail Saakashvili davlat chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Lvov viloyati politsiyasi Gruziya sobiq prezidenti va uning tarafdorlari tomonidan davlat chegarasining «yorib o‘tilish» holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda Ukraina Milliy politsiyasi xabar berdi.

-  Bugun, 11 sentabr kuni Lvov politsiyasi Ukraina-Polsha davlat chegarasidagi «Shegini» o‘tkazish punktidagi hodisalar bo‘yicha Sudga qadar tergovlar yagona reyestriga Ukraina Jinoyat kodeksining 332-moddasi («Ukraina davlat chegarasi orqali shaxslarni noqonuniy olib o‘tish») bo‘yicha jinoyat amalga oshirilgani haqida ma'lumotni kiritdi, - deyiladi mahkama saytidagi xabarda.

Qayd etilishicha, Odessa viloyatining sobiq gubernatori chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 10 sentabr kuni Ukraina fuqaroligidan mahrum etilgan Mixail Saakashvili mamlakat hududiga o‘z tarafdorlari yordamida kirib olgandi.

Ukraina chegara xizmatining ma'lum qilishicha, soat 20.00larda bir guruh tajovuzkor kayfiyatdagi shaxslar milliy politsiya va chegara xizmati vakillari bilan mushtlashuv chiqarib, nazorat punktiga bostirib kirib, Ukraina chegarasini buzgan. Chegarani buzib o‘tganlar orasida deputatlar ham bo‘lgan.

Mixail Saakashvilining advokati Markiyan Galabala esa dushanba kuni Ukraina davlat migratsiya xizmatiga keldi va mijozi qo‘shimcha himoyaga ehtiyoji bor shaxs sifatida tan olinishini so‘rab ariza berdi.

"Bunday arizaning berilishi qochqinlar va qo‘shimcha himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar maqomi to‘g‘risidagi qonun bilan nazarda tutilgan", - deya ma'lum qildi Galabala NewsOne telekanali efirida.

Advokatning tushuntirishicha, Saakashvili himoyasida bunday arizani berishga qator sabablar bo‘lgan. Xususan, Gruziya sobiq prezidenti rasmiy Tbilisi tomonidan ta'qib qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, uning ko‘rsatishicha, Saakashvili Ukraina davlati tomonidan fuqaroligi yo‘q, biroq mamlakatda doimiy yashovchi shaxs sifatida qo‘shimcha himoyaga ega.

Galabalaning feysbukdagi sahifasida yozishicha, «o‘ta zarur bo‘lgan hollarda, shuningdek, boshqa majburiy vaziyatlarda davlat chegarasini kesib o‘tgan shaxslarning chegaradan o‘tishi qoidalarni buzmaydi».

Biroq «Xalq fronti» fraksiyasidan xalq deputati, IIV rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenkoning xabar qilishicha, Saakashvilini Polsha bilan chegaradan noqonuniy olib o‘tgan deputatlar ro‘yxatini tuzib chiqdi.

«Provokator Saakashvili bilan Ukraina chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan Ukraina xalq deputatlari ro‘yxati: Yuliya Timoshenko, Sergey Vlasenko, Yuriy Derevyanko, Pavel Kostenko, Dmitriy Dobrodomov», - deya yozdi Gerashchenko feysbukda.

Shuningdek, Ukraina xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Valentin Nalivaychenko ham chegaradan noqonuniy ravishda o‘tdi, deya ta'kidlagan u.

«Deputatlik daxlsizligi jinoyatga – Ukraina davlat chegarasi orqali shaxslarni noqonuniy olib o‘tilishiga tegishli emas», - deya yozdi Gerashchenko.

Joriy yilning 26 iyul kuni Ukraina OAV Mixail Saakashvili Ukraina fuqaroligidan mahrum etilgani haqida xabar tarqatdi. Bu holat u mamlakat hududida bo‘lmaganida yuz berdi. Ukraina prezidenti ma'muriyati esa Saakashvili Ukraina fuqaroligidan, uni olish chog‘ida haqiqiy bo‘lmagan ma'lumotlar taqdim etgani uchun mahrum qilinganini ma'lum qildi.

Shundan so‘ng Mixail Saakashvilining o‘zi bayonot bilan chiqib, Poroshenkoning uni fuqarolikdan mahrum etish bo‘yicha qarori «Rossiyaga eng yaxshi sovg‘a» bo‘lganini haqida aytdi. «Prezident Poroshenkoning qarori – bu Rossiyaga eng yaxshi sovg‘adir», - degandi u.

Avgust oyi o‘rtalarida Saakashvili Polshadan Ukrainaga 10 sentabrda qaytishini ma'lum qilgandi. “Men “Krakovets” o‘tkazish punkti orqali Polshadan Ukrainaga 10 sentabrda qaytaman”, deb aytgandi u.

Bundan ikki kun avval, 9 sentabr kuni esa Saakashvili Ukrainaga 11 yoshli o‘g‘li bilan kelayotgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid