22:10 / 17.09.2017
4186

Lyuis Hemilton “Formula-1”ning Singapur Gran-prisi g‘olibi bo‘ldi

Foto: Reuters

Singapur Gran-prisi o‘tadigan “Marina Bey” trassasida “Formula-1” poygasining 14-bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi. 

Poygada marraga birinchi bo‘lib Mercedes’ning britaniyalik poygachisi Lyuis Hemilton yetib keldi. 2-o‘rinni Red Bull a'zosi Daniel Rikkardo, 3-o‘rinni esa Mercedes’ning yana bir vakili – Valtteri Bottas egalladi.

Ushbu g‘alaba Hemiltonning faoliyatidagi oltmishinchi yubiley g‘alabasi bo‘ldi.

Poyganing boshida yomg‘irdan ho‘l bo‘lgan trassada bolidlar to‘qnashuvi yuz berdi. Buning oqibatida birdaniga uch kuchli poygachi – Maks Ferstappen (Red Bull), Kimi Raykkonen va Sebastyan Fettel (ikkalovi ham Ferrari) poygani barvaqt tugatishga majbur bo‘ldilar. Styuardlar ushbu to‘qnashuvni taftish qiladigan bo‘lishdi.

Gran-prining o‘zi esa yomg‘ir va ko‘plab to‘qnashuvlar sababli barvaqt yakunlandi. Poygachilar belgilangan 61 aylana o‘rniga, 58 aylana bosib o‘tishdi.

14 ta bosqichdan keyin Hemilton 263 ochko bilan yetakchilik qilmoqda, uning ortidan kelayotgan Fettelda esa 235 ochko bor.

Poyganing keyingi bosqichi Malayziyada 29 sentabr-1 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top