Futbolimizning chorak asrlik tarixida o‘ziga yarasha quvonchli g‘alabalari ham, alamli mag‘lubiyatlari ham bo‘lgan. Ba'zi natijalar muayyan o‘yindagi xatolar yoki omadni, ba'zilari esa, ayni palladagi futbolimizning umumiy holatini namoyon qilar edi. Livandagi Yaponiyadan uchragan mag‘lubiyatimiz qaysi toifaga kirishini aniq aytish qiyin, zero bunday natijalarning faqat bir yoki ikki sababi bo‘lmasa kerak.

 

O‘zbekiston MTJ – Yaponiya MTJ – 1:8

17 oktabr 2000. Sayda. Munitsipal stadioni.

Gollar: Sergey Lushchan 29' - Morishima 7', Nishizava 14', 49', Takaxara 18', 20', 26', 57', Kitajima 79' ,            

Nishizava 5' daqiqada penaltini aniq amalga oshira olmadi.

Hakam:  Shamsul Maydin (Singapur)

O‘ZBeKISTON: Pavel Bugalo, Baxtiyor Ashurmatov, Abdumajid Toirov (Otabek Shomurodov,60), Sergey Lushan, Davron Fayziyev, Nikolay Shirshov, Mirjalol Qosimov, Fevzi Davletov (Sergey Lebedev, 37), Aleksandr Xvastunov, Muxtor Qurbonov (Igor Shkvirin, 46), Maksim Shatskix Bosh murabbiy: Yuriy Sarkisyan

YaPONIYa: Kavaguchi, Morioka, Xattori, Nishizava, Nanami, Morishima (Ono, 70), Nakamura, Inamoto (Mochizuki, 79), Nakazava, Miojin (Kitajima, 46), Takaxara  Bosh murabbiy: Filipp Truse

Ogohlantirishlar: Bugalo, Ashurmatov, Toirov, Lushan, Shirshov, Shatskix – Xattori, Inamoto

O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining ilk yirik musobaqasini ajoyib tarzda o‘tkazib, g‘alaba qozondi. Bu g‘alaba aynan Yaponiyada ro‘y berdi, o‘sha turnirda vakillarimiz maydon egalariga ro‘para kelishmagandi. Keyin kunchiqar yurt vakillari bilan ko‘p to‘qnashdik, jumladan, terma jamoamiz Osiyo kuboklari tarixidagi dastlabki mag‘lubiyatiga aynan yaponlardan uchradi (BAA-96, 0:4). Jahon chempionatlari saralash bahslarida ilk urinishdayoq so‘nggi bosqichga yetib kelgan jamoamiz hal qiluvchi guruhdagi dastlabki uchrashuvini Yaponiyada o‘tkazib, yana yirik mag‘lubiyat alamini tortdi – 3:6. Toshkentdagi o‘yinda esa jamoalar bittadan darvozalarni ishg‘ol qildilar.