10:22 / 25.09.2017
6155

Yoshlarimiz manipulyatsiya o‘ljasiga aylanmasin

Foto: O‘zA

Inson yaralibdiki, unga aql berilib, ongi charxlanibdiki, fikr yuritadi, tasavvur va tafakkur qiladi, g‘oyalar, g‘oyalardan mafkura yaratadi, mafkuraki, mangulikka da'vogarini yaratmoqchi bo‘ladi.

Lekin, keksa va navqiron moziy guvohdir. Inson hech qachon dindan kuchli g‘oya, dindan kuchli mafkura yarata olmagan. Yarata olmaydi ham. Chunki, dinni inson yaratmagan. U mukammal g‘oya, abadiy mafkura, ilohiy kitobdir. Insonga esa e'tiqod xos bo‘lib, u tokay e'tiqodga tayanib yashaydi. E'tiqodki, odamlikni namoyon etadi.

Mana shuni yaxshi bilgan, azizu-mukarram, muqaddas deya sifatlangan inson zotining ayro vakillari ya'ni, «e'tiqoddan kechganlar», «odamlikdan yiroqlashganlar» ana shu abadiy e'tiqod kitoblarini niqob qilib, o‘z manfaatlariga moslab talqin qilishgacha bordi. Bu manfaatlarki, g‘arazli maqsadlarga erishishning puxta ishlangan strategiyasiga asoslangandir. Yoshlarimizning ongini manipuliyatsiya qilish orqali ayni shu maqsadlarga erishish esa, ularning asosiy strategiyasidir.

Yoshlarimizda borki kamchilik — faqat ularning yoshligida, yolg‘izgina boyligi ham ularning yoshligidadir. Yoshlarimizni — kamchiligimizni to‘ldiraylik, boyligimizni — yoshlarmizni himoya qilaylik. Yoshlarimiz ongini manipuliyatsiya qilishlariga yo‘l qo‘yib bermaylik, buzg‘unchi g‘oyalarni yaratib, yana uni dinga o‘rab, targ‘ib qilayotgan buzg‘unchilardan asraylik, odamlik yo‘lidan adashtirishlariga imkon yaratib bermaylik. Ikkinchi darajali amallarga qattiq bog‘lanib qolib, ularning kamoli birlamchi ekanligini unutmaylik, burchimizni bajaraylik, yoshlarimizni asraylik, himoyamizga olaylik, toki kech bo‘lmasin... So‘ng «adashgan yoshlar» deb nadomat chekib yurmaylik! Bunga haqimiz yo‘q! Illo, bu biz — kattalarning farzimiz.

Yoshlarimiz — farzandlarimiz... Ularning esa «yomoni, adashgani» bo‘lmaydi. Biroq, farzandiga o‘z vaqtida odamlik yo‘lini ko‘rsata olmagan, ular tarbiyasida qat'iyatlik qila olmagan, oilada mas'uliyatni o‘z zimmasiga ola bilmagan, ularning murg‘ak ongini yot g‘oyalar va «yomon»lardan himoya qila olmagan, befarqlikka befarq bo‘lgan, ogohlikdan ogoh bo‘lmagan, hali-hanuz oqni qoradan ajrata olmaganimiz, biz — ota-onalar — kattalarning mas'uliyatsizligimiz bo‘ladi, xolos...

Yoshlarimizni asraylik!

N.Murodov, huquqshunos

Top