15:25 / 27.09.2017
16568

MXX oltin tangalarning noqonuniy savdosi oldini oldi

Milliy, tarixiy va madaniy boyliklarni himoya qilish har qanday davlatning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biridir. Afsuski, bu boyliklar ko‘p holatlarda o‘z harakatlari bilan mamlakatning tarixiy merosini yo‘q qiluvchi turli firibgarlar va kontrabandachilarning “nishonida” turadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati bunday jinoyatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.

Ushbu ish doirasida Milliy xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tezkor xodimlari SVOJJDLQK departamentining hududiy Boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda, antikvar buyumlar noqonuniy sotuvchilarini jinoyat ustida qo‘lga olish bo‘yicha tadbir o‘tkazdi.

«Maxsus amaliyot vaqtida 10 rubllik 36 ta oltin tangani 12,2 ming AQSh dollariga sotishga uringan Koson tumanida yashovchi 35 yoshli Bobur Normatov va Qarshi shahrida yashovchi 34 yoshli Farhod Mahmudov qo‘lga olindi. Tekshiruv jarayonida ularning yonidan yana to‘rtta shunday tanga aniqlanib, olib qo‘yildi», - dedi huquq-tartibot idorasining vakili.

Ekspertizadan o‘tkazish uchun tangalar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi qimmatbaho metallar bo‘yicha agentlikning Davlat proba palatasiga topshirildi. Ekspertiza sariq rangli metalldan tayyorlangan 40ta tanga 900 probadagi oltindan qilinganligini ko‘rsatdi. Ularning sof og‘irligi 343,5 grammni tashkil etdi. Shuningdek, bu tangalar 1898 yildan 1903 yilgacha bo‘lgan davrda tayyorlangani aniqlandi.

Ushbu holat bo‘yicha SVOJJDLQK Departamentining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid
Top