Biroz avvalroq shu saytda hamkasbim Shuhrat Shokirjovning «12 jamoalik chempionat va uning afzalliklari» sarlavhasi ostida maqolasi e'lon qilingandi. Maqolada oliy ligamizdagi jamoalarning sonini qisqartirish haqida so‘z borib, muallif shu orqali chempionatimizni yanada qiziqarliroq qilish mumkin ekanini ta'kidlaydi.

Bugun esa O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbariyati jurnalistlar takliflari asosida Oliy Liga jamoalari sonini 12taga tushirish haqida qaror qabul qilgani haqida ma'lum qildi.

Ushbu fikrlarga qo‘shilmaganim uchun, men ham bu mavzuga munosabat bildiraman. 

Shokirjonov yangi formatning yaxshiroq ekanini isbotlashga uringan, ammo yetarlicha asoslantirmagan. Misol uchun, uning aytishicha, agar oliy ligamiz jamoalari soni 16tadan 12taga qisqartiriladigan bo‘lsa, hamma o‘yinlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilib, turlar o‘rtasida turli tahliliy ko‘rsatuvlar ko‘payib, translyatsiyalar bilan bog‘liq zo‘r shartnomalar tuzilib, klublarimiz brend darajasiga chiqib ketar ekan va viloyatlarda ham «Bunyodkor»ning fanatlari paydo bo‘lib qolar ekan.

Ochig‘i, bu bog‘liqlikni umuman tushuna olmadim - xo‘sh, to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyalarning yoki TV translyatsiyalardan daromadlarning yo‘qligiga 1 turda 6 emas, 8 o‘yin bo‘layotgani to‘siq bo‘lib turibdi xolosmi? Nahotki, mana shunday ijobiy o‘zgarishlarni 16talik tizimda amalga oshirishning iloji bo‘lmasa? Aytaylik, Rossiya va Ispaniyada har bir o‘yin ketma-ket bo‘lib o‘tadi, TV shartnomalar shunaqa tuzilgan, ammo Germaniya va Angliyada boshqacharoq, ayrim o‘yinlar bir vaqtga tashkil etiladi. Bu holat shunchaki, bir-biridan farqli format xolos, birini ikkinchisidan afzal deb, aksioma yaratib bo‘lmaydi. 

Yana muallifning aytishicha, jamoalarga muxlislik qilishning tuman yoki viloyat bilan cheklanmasligi, boshqa joylarda ham klublar brendini yaratishga zamin yaratadi va masalan Samarqandda «Paxtakor» muxlislari guruhi paydo bo‘lishi mumkin ekan. Umuman olganda, «Lokomotiv», «Paxtakor» kabi grand jamoalarimizning viloyatlarda o‘z muxlislariga ega bo‘lishga harakat qilishlari uchun Oliy ligadagi jamoalar soni zinhor to‘siq emas. Zero shundoq ham Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Sirdaryo, Surxondaryo, Andijon kabi viloyatlardan hozir Oliy ligada jamoalar yo‘q, xo‘sh, u yerda «Bunyodkor»ning yoki umuman oliy ligamizning ashaddiy muxlislari paydo bo‘lyaptimi? Yo‘q, albatta.