31 oktabr, seshanba kuni Manhettenda yuk mashinasini boshqargan shaxs odamlarni qasddan urib yuborishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, 12 kishi jarohatlandi. Kelib chiqishiga ko‘ra o‘zbekistonlik bo‘lgan Sayfullo Saipov terakt ijrochisi sifatida gumon qilinmoqda. U ayni vaqtda qo‘lga olingan. 29 yoshli bu terrorchi Uber haydovchisi sifatida ishlagan. Ayrim manbalarga ko‘ra, u mashinada teraktni IShID nomidan sodir etgani ifodalangan yozuv qoldirgan.

Bu voqeadan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp migratsion nazorat choralarini qat'iylashtirishga chaqirdi.

Hujum haqida nimalar ma'lum

Avtomobil odamlar ustiga yurishi oqibatida Nyu-Yorkda 8 kishi halok bo‘ldi, yana 12 yo‘lovchi turli darajada jarohatlandi. Hodisa Manhettenda odamlar gavjum hududda, 11 sentabr terakti qurbonlari memoriali yaqinida sodir etildi.

Hujumni sodir etganidan keyin haydovchi furgondan chiqqan, odamlar uning qo‘lida qurolga o‘xshash buyumni ko‘rishgan. Nyu-York politsiyasi uni o‘qqa tuta boshlagan. 

«Gumonlanuvchi avtomobildan o‘qotar qurolni eslatuvchi buyum ko‘tarib chiqdi, politsiya unga o‘t ochdi», — deyilgan Nyu-York politsiyasi tvitterida.

Hukumat talqiniga ko‘ra, hujum qilgan shaxs — yosh erkak. Terrorchi haqida boshqa ma'lumotlar keltirilmayapti. Nyu-York politsiyasi boshlig‘i Jyeyms O'Nil terrorchining qo‘lidagi pnevmatik qurol bo‘lib chiqqanini aytdi. Bu peyntbol o‘ynaladigan vintovka edi.

Terakt oqibatida qurbon bo‘lganlarning 5 nafari Argentina fuqarosi, yana ikki kishi belgiyalik.

Uber haydovchisi IShIDga aloqador

Hukumat qo‘lga olingan shaxsning yoshidan boshqa ma'lumot bermayapti. Lekin OAV uning ismi-sharifini bilib oldi. Nyu-Yorkda begunoh odamlarni mashinada toptab o‘tgan shaxs 29 yoshli o‘zbekistonlik Sayfullo Habibullayevich Soipov. U 2010 yilda grin-karta yutib, Farg‘onadan AQShga kelgandi.

CBS telekanalining aniqlik kiritishicha, Soipov Florida shtatining Tampa shahrida yashagan. U shu shtatda haydovchilik guvohnomasi olgan.

FoxNews telekanali ma'lumotiga ko‘ra, u teraktni sodir etishidan oldinroq Nyu-Jyersida — Nyu-Yorkka qo‘shni bo‘lgan shtatda bo‘lgan.