Jahon | 18:20 / 13.11.2017
53233
4 daqiqa o‘qiladi

Jahon armiyalarining taqiqlangan qurollari (foto)

Sevgi-muhabbat va urushda hamma vositalardan foydalangan yaxshi. Azaldan insoniyat o‘zini o‘zi qirib yuboruvchi vositalarni cheklashga harakat qilib kelgan: qadimgi yunonlar kamonni qo‘rqoqlar quroli deb atashgan, o‘rta asrlarda to‘plardan foydalanish va chashmalarni zaharlashni noinsoniy deb bilishgan. Bugungi kunda biz yadro bombalaridan foydalanishni taqiqlash payidamiz. Quyida dnpmag.com tomonidan tuzilgan ro‘yxatda eng xavfli qurollar nomi keltirilgan bo‘lib, jahonning birorta armiyasi formal jihatdan uni ishlatmaydi. Formal jihatdan.

Kimyoviy qurol

Kimyoviy qurolning oltin asri Birinchi jahon urushi davridayoq kelib bo‘lgan edi. To‘g‘ri, 1928 yilda Jyenevada zaharli gazlarni taqiqlash to‘g‘risida birinchi bayonnoma imzolangan edi, biroq bu na Germaniyaga, na Yaponiyaga Ikkinchi jahon urushi davrida ulardan foydalanishga to‘siq bo‘la oldi. Vetnamda AQSh armiyasi ham kimyoviy moddalarni ishlatishdan tap tortmagan, shu sababli keyinchalik — 1997 yilda bunday qurollarni yana bir bor, qat'iy taqiqlashga to‘g‘ri keldi. Biroq, bugungi kunda ham masala to‘laligicha hal etilmagan: rasman kimyoviy qurollarning mavjud arsenali faqat 2020 yilga borib to‘liq yo‘q qilinadi.
 

Napalm (yondiruvchi qurol)

1942 yilda AQSh harbiy mashinasi dushmanga eng ko‘p qirg‘in keltiradigan va boshqarish qiyin bo‘lgan ommaviy o‘ldirish quroliga ega bo‘ldi. Napalm Isroil, Iroq va Argentina tomonidan ishlatilib kelinayotgandi, biroq 1980 yilga kelib BMT yondiruvchi qurolni taqiqlash haqida Bayonnoma qabul qildi. Napalm armiyalarning arsenalidan yo‘q bo‘lib ketarmikan? Kim biladi deysiz...

 

Biologik qurol

2001 yilda terrorchilar butun dunyo bo‘ylab Sibir kuydirgisi bilan zararlangan xatlarni yo‘llab, juda tashvishli hujumni sodir etishdi. Bakteriologik qurol 1972 yildayoq taqiqlangan, biroq hech kim shubha qilmaydiki, ko‘plab davlatlar hozir ham turli yuqumli kasalliklarning unikal shtammlari ustida ish olib borishmoqda va bunday kasalliklar insoniyat mavjudligini so‘roq ostiga keltirib qo‘yishi mumkin.
 

Iqlimiy qurollar

Garchi iqlimga ta'sir o‘tkazish faqat fantastik romanlarda bo‘ladigandek tuyulsa-da, biroq tabiiy sharoitlarga ta'sir o‘tkazish borasida muvaffaqiyatli misollar Vetnam urushi davrlarida ham bo‘lgan. «Ismaloq» deb nom olgan harbiy operatsiya davomida amerikalik olimlar yomg‘irlar mavsumi davomiyligini uzaytirishga muvaffaq bo‘lishgan, buning oqibatida partizanlar istehkomlari suvga g‘arq bo‘lib, kommunikatsiyalari ishdan chiqqan. 1978 yilda atrof-muhitga harbiy maqsadda ta'sir o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risidagi Konventsiya imzolangan: hattoki yadro quroli ham iqlimiy qurollardan kamroq xavfli deb topilgan. Biroq bu borada tadqiqotlar ko‘plab davlatlar tomonidan olib borilmoqda: AQSh, XXR va Rossiya bu ishlanmalar faqat tinchlik maqsadlari uchun mo‘ljallanganini da'vo qilishmoqda. Xo‘p, ishonamiz-da...
 

Piyodalarga qarshi minalar

Vetnam urushi davrida AQSh armiyasining piyodalarga qarshi minalar tufayli yo‘qotishlari 60 foizga yetgan. Minalashtirilgan maydonlar harbiy harakatlardan ko‘p yillar o‘tib ham insonlar hayotiga zomin bo‘lmoqda, boz ustiga, tinch aholi vakillari qurbon bo‘lishmoqda. Piyodalarga qarshi minalarni qo‘llashga nisbatan taqiq (1997 yili Ottavada qabul qilingan) hanuzgacha ko‘plab davlatlar tomonidan formallik sifatida qabul qilinadi.

Mavzuga oid