23:15 / 16.11.2017
7652

Bill Geyts texnologiyalarning “plyus” va “minuslari” haqida fikr bildirdi

Foto: Getty Images

Ar-Riyoddagi Misk Global Forum’da milliarder Bill Geyts texnologik jarayonni demokratlashtirishni qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Agar maktablar va oliy ta'lim muassasalarida texnologiya bo‘yicha faqat boylarga bilim berilsa, unda ular ustunlikka ega bo‘ladilar va jamiyatdagi tengsizlik yanada kuchayadi, deb hisoblamoqda Geyts.

U dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan texnologiyalarni demokratlashtirishga chaqirdi. Uning fikricha, sun'iy ong va boshqa innovatsiyalar sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi global muammolarni hal qila oladi. 

Biroq shu bilan taraqqiyot xatarlar bilan kechadi. Geyts bunday xatarlarga shaxsiy hayot daxlsizligi buzilishi va texnologiyalar siyosiy vazifalarni ilgari surish uchun qo‘llanishini misol qildi. “Biroq sun'iy ongning ustunliklari uning kamchiliklaridan ko‘proqdir”, deb aytgan Geyts.

Milliarderning fikricha, agar texnologiyalar qimmat bo‘lsa, ularni faqatgina boy davlatlardagi maktablarda o‘rganish mumkin bo‘lsa, unda boylar va kambag‘allar orasidagi tavofut yanada kattalashadi.

Geytsning fikricha, sun'iy ong sohasidagi ta'lim maksimal sondagi odamlar uchun mumkin bo‘lishi kerak. O‘shanda texnologik ishlanmalar odamzot uchun foyda keltiradi. Geytsning aytishicha, avtomatlashtirish ijtimoiy o‘zgarishlarga olib keladi. “Biz ishchi kuchini ishlab chiqarishdagi ishdan ozod qilishimiz bilanoq bu kuchni u kerak bo‘ladigan boshqa sohalarga yo‘naltirishimiz mumkin”, deb aytdi milliarder. Geytsning ta'kidlashicha, sun'iy ong maktablarda bolalarni samaraliroq o‘qitishga imkon beradi. Bundan tashqari, ijtimoiy sohalarda keksa odamlarni parvarish qiladigan ko‘proq mutaxassislar paydo bo‘ladi.

Avvalroq Geyts robotlarga soliq kiritishni taklif qilgandi. Bu soliq daromaddan olinadigan soliq kabi hisoblanadi. Olingan soliqlar sobiq xodimlarni qayta o‘qitish hamda o‘qituvchilar va ijtimoiy xizmatchilar uchun ish haqi fondini yaratishga yo‘naltiriladi. Milliarderning fikricha, ijtimoiy sektorda maoshlar nafaqat bunday jamg‘armalar, balki mehnat bozoridagi o‘zgarishlar hisobiga oshadi, buning natijasida empatiya – boshqalar haqida qayg‘urish eng qimmatli malakaga aylanadi. 

Mavzuga oid
Top