O‘zbekistonda muxlisi eng ko‘p bo‘lgan klub qaysi? Albatta, «Paxtakor». Yaqin yaqingacha bunday savol bizga ritorik tuyular va ikkilanishsiz shunday javob berardik. Axir butun xalq jamoasi bo‘lgan «Paxtakor»dan ham qadrli jamoa bo‘lishi mumkinmi o‘zbek muxlisi uchun? 1979 yilgi halokatni ko‘rgan, o‘z qahramonlarini alamli tarzda yo‘qotgan muxlis boshqa jamoaga muxlislik qilishi mumkinmi? Mumkin ekan. Qanday holatda deysizmi? O‘sha jamoaning hozirgi holati hech bir xislati bilan o‘sha qahramonlarni eslatmasa…

BIRINChI QISM. MARKAZLAShISh

Mustaqillikning ilk yillaridayoq O‘zbekistonda futbol bo‘yicha mamlakat chempionati yo‘lga qo‘yildi. Chunki bizda futbol allaqachon ommalashib bo‘lgandi. Boshqa sohalar va boshqa sport turlari endi oyoqqa tura boshlayotgan vaqtda futbolchilarimiz Osiyoda tengsiz bo‘lishdi. Chunki bizning futbol o‘tgan asrning boshidayoq shakllana boshlagandi. Dunyoning barcha nuqtalarida ham futbolni birinchi raqamli sport sifatida ardoqlashmaydi. Hatto o‘sha futbol vatani Angliyada ham regbini futboldan ustun qo‘yishadi ba'zilar. Mana shunday futbolni sevadigan xalqning eng suyukli jamoasi «Paxtakor» edi. Ha, aynan EDI. Bu jamoaning xalqaro o‘yinlariga butun respublikadan muxlislar oqib borardi. Hozir esa bitta futbol yulduzi oldida uyalib qolmaslik uchun oliygoh talabalari stadionga majburlab olib kirilmoqda. Biroq hozir bu haqda gaplashmoqchi emasmiz.

Xullas, millatning bosh jamoasi hurmati nolinchi yillar avvalida pasaya boshladi. Ajoyib kunlarning birida futbolimiz rasmiylari terma jamoani bir klub asosida tashkil etishni taklif qilishdi. Bu klub sifatida «Paxtakor» tanlandi. Respublika klublaridagi eng yaxshi futbolchilar «Paxtakor»ga jamlandi. Oqibatda chempionatda hech qanday raqobat qolmadi. Farg‘onaning «Neftchi» klubi uzoq qarshilik qilolmadi. «Paxtakor» futbolimizdagi monopolik jamoaga aylandi va oqibatda uni yomon ko‘rib qolishdi. Biroq bu hali boshlanishi edi.

IKKINChI QISM. BABAYaN DAVRI

«Paxtakor»ning «shonli davrlari» o‘tayotgan bir vaqtda futbolimizga Samvel Babayan degan shaxs kirib keldi. Uni futbolning ichidan biroz xabari bo‘lganlar O‘zbekiston chempioni bo‘lgan «Navbahor»ning menejyeri sifatida bilishardi. «Paxtakor»da ham uni menejyer sifatida tanishtirishardi. Biroq u zaxira o‘rindig‘ida o‘tirar va futbolchilarga ko‘rsatma berardi. U nimagadir bosh murabbiy bo‘lishni istamas va bu ishni qog‘ozda Ravshan Haydarov, Viktor Jalilov kabi yordamchilariga topshirardi. Biroq barcha narsani u hal qilardi. Babayan hakamlarga xohlaganicha baqirar, o‘zi istagan istalgan nomaqulchilikni hech ikkilanmay amalga oshirardi. Asta-sekin futbol federatsiyasining ishonchiga kirdi va u yerda ishlay boshladi. Bir taniqli jurnalist o‘z maqolasida shunday yozgandi: «Babayan ertalab federatsiyaga borib, o‘yinlarga hakamlarni tayinlab keladi, keyin esa «Paxtakor»ga borib, keyingi o‘yinga tayyorlanadi».