Futbolda «yulduz» kalimasi juda ko‘p ishlatiladi. Yaxshi futbolchilargami, mashhurroqlargami, tanilganlargami, ko‘p gol urganlargami, sevimli futbolchilargami, umuman bu atamaning aniq qo‘llanilish formulasini bilmayman. Ba'zilarning bu ta'rifga tushishlari biroz bahsli, ba'zilar uchun esa, uzukka ko‘z qo‘ygandek...
«Futbolni oqsoqlanib tark etishni istamadim»

O‘ttiz yetti yoshida og‘ir jarohat olib, maydonni tark etgan Zlatan Ibrahimovichdan yana futbolga qaytmoqchi bo‘layotgani sababini so‘rashganda, u shunday javob bergan edi. Oradan yetti oy o‘tib, shanba kuni u «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushirildi.

Gol urmadi. Jamoasining biror goliga hissa qo‘shmadi. Umuman, u o‘yinga tushganida, barchasi hal bo‘lib ulgurgandi. Zlatan hech qanday qahramonlik ko‘rsatmadi.

Ammo men bu maqolani aynan Zlatan maydonga qaytgan paytda yozishni niyat qilgandim. Niyat qilayotganimda, Zlatan maydonga tushadigan ilk o‘yinida qahramon bo‘la olmasligi mumkinligini ham bilganman. Futbol olamida jarohatlanganlar ham, undan keyin tiklanib, futbolga qaytganlar ham juda ko‘p. Bu ham muhim emas. Aslida, uning butun futbolchilik paytidagi eng muhim qarori haqida yozmoqchi bo‘ldim.
Ibrahimovich jarohatidan tiklanayotgan bir paytda, «Manchester Yunayted» bilan hali shartnoma imzolamagandi. Unga juda ko‘p takliflar berildi. Amerikadan, Xitoydan, Italiyadan. Masalan, xitoyliklar unga haftasiga bir million funt maosh taklif etishdi. Tasavvur qilyapsizmi? Yuqorida aytilgan yoshga borib qolgan, futbolda deyarli hamma narsani yutib, o‘z imzosini o‘chmaydigan tarzda qo‘yib bo‘lgan hujumchi bu taklifga rozi bo‘lishi mumkin edi. U kabi futbolchi Xitoyda ortiqcha shug‘ullanmay turib ham, yulduz bo‘lishi, oladigan pullarini oqlashi mumkin. Hech kim ayblamasdi ham uni. Hech kimdan qarzi yo‘q. Undan yoshroq va futbolda yana uzoqroq qolishi mumkin bo‘lgan Oskar, Teves kabi futbolchilarning allaqachon o‘sha yerlardan qo‘nim topganliklarini bilamiz-ku.
Ammo u taklifni rad etdi va manchesterliklar bilan yangi shartnoma tuzdi. Endi u haftasiga 125 ming funt maosh oladi. Qariyb yetti barobar kamroq. Bu maqola Zlatanning «Manchester»ga bo‘lgan sadoqati haqida ham emas. Axir Zlatan juda ko‘p jamoalarda o‘ynab chiqqan, uning sadoqat haqidagi tushunchasi biz bilgan ma'nosidan biroz farq qiladi, buni ham bilamiz.
















