«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi» mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi.
So‘rovning ko‘rsatishicha, o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi, ya'ni 69%i «Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘qiganmisiz?» degan savolga ijobiy javobni tanladi, har uchinchi respondent Asosiy Qonunning mazmuni bilan umumiy jihatdan tanishgan. Konstitutsiyaning asosiy qoidalari haqida xabardorligini bildirgan respondentlar o‘rtasida oliy ma'lumotli fuqarolar, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va talabalar ustunlik qiladi. Alohida ta'kidlash joizki, ko‘pchilik yoshlar Konstitutsiyaning mazmuni bilan yaxshi tanish ekanliklarini bildirishdi, erkaklar Konstitutsiyaning mazmuni haqida ayollarga nisbatan yaxshi xabardordir.
Tadqiqot fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmuni bilan tanishish uchun zarur bo‘lgan sabablarni aniqlashga imkon berdi. So‘rov natijalarining ko‘rsatishicha, so‘ralganlarning yarmidan ko‘pi Konstitutsiyani o‘z tashabbusi bilan o‘rgangan, chunki ular har bir fuqaro mamlakatning Asosiy Qonunini bilishi kerak, deb hisoblashadi. Fuqarolarning uchdan bir qismdan ko‘prog‘i Konstitutsiyani ta'lim olish jarayonida o‘rgangan. Olingan natijalarga muvofiq, bo‘sh vaqt va zaruratning yo‘qligi fuqarolarning Konstitutsiya matni bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmaganliklarining asosiy sababi hisoblanadi.
So‘rov fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘z tuzilishi, yo‘nalishi bo‘yicha ilgari O‘zbekiston hududida amalda bo‘lgan Konstitutsiyalardan tubdan farq qilishi haqidagi fikrini aniqladi. O‘zbekistonliklarning fikricha, uning o‘ziga xosligi shundan iboratki, Konstitutsiya mustaqil, demokratik davlat bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasining mavjudligi holatining o‘zidan kelib chiqadi.
Konstitutsiya birinchidan oxirgi moddasigacha, fuqarolarning fikricha, mustaqillik va demokratiya g‘oyalari bilan sug‘orilgandir. Fuqarolar so‘rov jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquqlari sohasidagi jahon hamjamiyatining yutuqlariga asoslanadi, unda jinsiga, millatiga, irqiga, yoshiga, mulkiy ahvoliga, diniy e'tiqodiga va h.k.larga bog‘liq holatda u yoki bu darajada inson huquqlarini kamsitadigan birorta ham modda yo‘q, degan fikrni bildirishdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida demokratiyaning asos bo‘luvchi mohiyati mustahkamlangan, unga muvofiq «xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir».
Fuqarolarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining umuminsoniy qoidalarga asoslanishi uning kuchli tomoni bo‘lib hisoblanadi. Unga muvofiq inson, uning hayoti (24-modda), erkinligi va shaxsiy daxlsizligi (25-modda), sha'ni va qadri (25-modda) hamda mulk huquqi (36-modda), mehnat qilish va haq to‘lanadigan dam olish, keksalikda ijtimoiy ta'minlanish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, ta'lim olish (37-41-moddalar) kabi ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.







