Zamonaviy futbol yigirma yil oldingisidan keskin farq qiladi. Nafaqat o‘yinning umumiy ko‘rinishi yoki taktika va tezlik borasida, balki transferlarning ko‘rinishi, jamoalarning imiji borasida ham. Masalan, 20 yil oldin «galaktikos»lar bo‘lmagan, aqldan ozdiruvchi transfer summalari ham.
Bu holat ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Lekin endi kech, 1995 yilda ko‘rilgan «Bosman ishi» ulkan kemani hech kimga noma'lum yo‘nalishga qo‘yib yuborgan va uni tartibga solish hech qanday qo‘mondonning qo‘lidan kelmaydi.
«Bosman ishi» futbol sohasining ikkita asosiy qoidasiga zarba berdi va futbol rivojini umuman boshqa yo‘nalishga burib yubordi: transfer tizimi va legionerlar limitiga.
O‘sha voqeagacha futbol boshqaruvi ancha mustaqil bo‘lgan va alohida tarmoq sifatida boshqarilardi. FIFA yoki UYeFA kabi tashkilotlar futbol sohasini boshqarishar va ba'zida bu qoidalar aytaylik, Yevropa mehnat huquqi kabi kodekslarga mos kelmasligi ham mumkin bo‘lib qolardi.
Jumladan, Bosmangacha futbolchi klubining ruxsatisiz boshqa jamoadan qo‘nim topa olmasdi. Hatto shartnoma muddati tugagan taqdirda ham avtomatik ravishda erkin agentga aylanmas, klubining uni transfer qilishini kutishga majbur edi. Klub esa futbolchiga xohlagan narxni qo‘yar va uning ustidan to‘la huquqqa ega bo‘lardi.
Shuningdek, barcha davlatlarda legionerlar uchun limit belgilangan va 90-yillar boshlarida klublar faqatgina uch legionerni bir vaqtda maydonga tushira olardi xolos. «Bosman ishi»dan keyin esa har ikki holat Yevropa inson huquqlari qoidalariga mos emasligi tasdiqlandi. Bosman kim edi o‘zi? Keling yaxshisi, o‘sha «Ish»ni eslaylik va bu bizga holatga baho berishimizda yordam beradi.
Jan-Mark Bosman 1964 yilda Belgiyada tug‘ilgan. O‘smirlik paytlarida mamlakat terma jamoasini sardori sifatida maydonga tushgan bo‘lsa-da, keyinchalik, faoliyati u qadar yorqin kechmagan. Xullas 1986 yilda «Standart» klubi uni «Lej»ga sotib yuboradi va futbolchi yangi klubi bilan to‘rt yillik shartnomaga imzo chekadi.
1990 yilda shartnoma muddati tugaydi va moliyaviy tomondan tanazzulga uchrab borayotgan klub Bosmanga yangi shartnoma taklif qiladi. Yangi shartnomaga ko‘ra Bosman oldingisidan ko‘ra to‘rt barobar kam maosh olishga rozi bo‘lishi kerak edi. Tabiiyki, 25 yoshli futbolchi bunga rozi bo‘lmaydi va klub tomonidan 11 743 000 frankka transferga qo‘yiladi.
Bosman o‘zi uchun yaxshigina variant topadi va Fransiyaning ikkinchi divizioni vakili «Dyunkerk» klubi bilan kelishadi, ammo bunga «Lej» ham rozilik berishi kerak edi. «Lej» avvaliga 4.8 millionga futbolchini sotishga rozi bo‘ladi, hammasi hal bo‘lgandek edi, faqatgina Belgiya klubi barcha hujjatlarni Fransiya futbol federatsiyasiga taqdim etishi kerak edi xolos. Negadir «Lej» fikrini o‘zgartiradi va o‘rtamiyona klub to‘lay olmaydigan darajada katta transfer narxini talab qiladi. Bosman klubiga qaytishga rozi bo‘ladi va u «Lej» bilan yangi shartnomaga imzo chekishi yoki navbatdagi xaridorni kutib o‘tirishga majbur edi.

















