O‘zbekiston | 22:40 / 04.12.2017
8000
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya elchisi: Xususiy sektorni hukumatdan butunlay ozod qilish kerak

Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi Olive Shav O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlarni yuqori baholadi. Shuningdek, elchi xususiy sektorlar faoliyatini hukumatning boshqa tarmoqlaridan erkin qilish iqtisodiyot rivojiga katta hissa qo‘shishini ta'kidlab o‘tdi. Olive Shav bu haqida "Suv texnologiyalari va suv xo‘jaligi – WATER-2017" xalqaro ko‘rgazmasida Kun.uz muxbiri bilan bo‘lgan intervyu vaqtida ma'lum qildi. 

"Hozirgi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlar meni hayratda qoldirmoqda. Shaxsan men hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan 2017-2021 yillardagi Harakatlar strategiyasi investitsiya iqlimini tizimli yaxshilashda yordam beruvchi barcha muhim jihatlarni qamrab olgan. Xususiy sektor uchun katta ahamiyat kasb etgan aniq yo‘nalish — bu yuridik tizimning rivojlanishini kuzatmoqdaman. Bu sohani hukumatning boshqa tarmoqlaridan butunlay mustaqil qilish lozim. Men uchrashayotgan korxona vakillari va sarmoyachilar aynan mana shunday takliflar bilan kelishadi", deydi Olive Shav.

Shuningdek, Shveytsariya elchisi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi. 

"Biz O‘zbekiston bilan juda yaxshi do‘stona aloqa o‘rnatganmiz va aynan Shveytsariya O‘zbekiston mustaqil deb e'lon qilinganidan bir hafta o‘tgach, diplomatik aloqalarni o‘rnatgan davlatlardan biri hisoblanadi. Endilikda bu hamkorlik turli sohalarda o‘z aksini topmoqda. Masalan, bizning xususiy sektorimiz uzoq vaqtdan beri O‘zbekistonga sarmoya kiritishni boshlagan. Hamkorlik yana ikki jabhada amalga oshirilmoqda – biz Vashingtondagi Jahon banki va Yevropa taraqqiyot bankida bir guruhdamiz. Ya'ni, u yerda Shveytsariya va O‘zbekiston bitta saylov guruhi tarkibiga kiritilgan. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida juda yaxshi konstruktiv siyosiy hamkorlik mavjud. Umid qilamanki, o‘zaro munosabatlarimiz kundan-kunga yaxshilanib boradi", deya qo‘shimcha qildi elchi.

Eslatib o‘tamiz, 2016-2017 yillarda Shveytsariyaning taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) Markaziy Osiyoning Mintaqaviy ekologik markazi hamda “Adelphi” nemis konsultatsion byurosi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda suv muammosini qayta ko‘rib chiqish: harakatsizlik bahosi va suv xo‘jaligidagi hamkorlikning afzalliklari” tadqiqotini amalga oshirdi.

Mavzuga oid