Afg‘oniston haqida mulohazalar
I-bo‘lim.
Bir-biri bilan raqobat qiluvchi davlatlarning Afg‘oniston ichki siyosatiga aralashuvi natijasida bu mamlakatda turli xil ichki nizolar o‘rtaga chiqarildi, behisob qurolli to‘qnashuvlar yaratildi va millionlarcha begunoh insonlar qurolli to‘qnashuvlar natijasida nobud bo‘ldi. Dunyoning eng go‘zal tabiatiga va bir necha ming yillik tarixiy obidalarga ega o‘lka vayronaga aylantirildi.
Dehqonchilik qilib yurgan, tijoratda savdo-sotiq qilib kun kechirayotgan va sanoatda ishlab ro‘zg‘orini tebratayotgan oddiy xalqning tinchligi buzildi. Afg‘onistonning davlat tizimi barbod qilinishi oqibatida tinchlik va farovonlikda yashayotgan odamlar qo‘liga qurol olib o‘z oilasini himoya qilishga majbur bo‘ldi. Insonlar ko‘ngliga esa kin-adovat va bir-biridan qasd olish kabi illatlar o‘rnashib oldi.
Qurol sotishning bozori qayerda chaqqon bo‘ladi? Albatta, urush bo‘layotgan joyda. Shu sababli Afg‘oniston keyingi 35 yil ichida qurol ishlab chiqaruvchi davlatlarining qurol sotadigan bozoriga aylantirildi. Insonlar o‘limiga va minglarcha oilalarning fojiasiga sababchi o‘qotar qurolning sotilish joyi bo‘lgan «o‘lim bozoridan» tushadigan bir necha milliard dollarlik daromadlar esa siyosiy o‘yinlar yordamida kimlarningdir cho‘ntagiga tushdi, ularning baxtli va farovon yashashiga vosita bo‘ldi. Begunoh insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘qotar qurollarni sotish yo‘li bilan topilgan mablag‘lar evaziga kimlarningdir davlati dunyoning eng boy odamlari yashaydigan joylar deya madh etildi. Qanchadan qancha siyosatchilar «o‘lim bozoridan» tushgan pullar yordamida o‘zini dunyoning eng boy odamlari sifatida barchaga tanitib, boyliklarini olamga ko‘z-ko‘z qildi...
Afg‘on xalqi nimaga erishdi? Bechora oddiy xalq o‘lim, musibat, g‘am, tashvish changaliga mahkum qilindi. Afg‘on xalqi dunyoning eng xaridorgir qurol bozorining ishtirokchisi bo‘layotgani yetmagandek, Afg‘oniston giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchi va sotuvchi davlat sifatida dunyoning eng katta «o‘lim sotish bozori»ga ham aylantirildi. Chorasiz qolgan oddiy xalq esa yana o‘lim, vahshiylik va baxtsizlik hukm surgan «o‘lim bozorining» ishtirokchisi bo‘lib qolaverdi. Afg‘onistonda davom etayotgan urush va beqarorlik sababli u yerda yashayotgan ko‘pchilik avom xalqning muammosi faqat non topish va jonini asrashdan iborat bo‘lib qoldi.
Uzoq davom etgan urush tufayli hozirgi kunda afg‘on xalqining aksariyati davlat qonun-qoidalariga ishonmaydigan ahvolga olib kelindi. Natijada davlat tizimining barcha sohalarida muammolar yuzaga keldi va bunga yetarlicha misollar mavjud.
1. Mamlakatda iqtisodiy farovonlik yo‘qoldi;
2. Tirikchilik uchun kerak bo‘lgan erkinlik yo‘qoldi;
3. Ijtimoiy tartib-intizom nazorati qo‘ldan boy berildi;
4. Odamlarga xos oddiygina insoniy huzur-halovat yo‘qotildi.
Tashqi kuchlar ta'sirida qolgan oddiy xalq va davlat boshqaruv tizimi, yuqorida ko‘rsatilgan muammolarga hozir ham e'tiborsiz bo‘lib yashashga majbur qilinayotganligi yashirib bo‘lmaydigan achchiq haqiqatga aylangan. Bu ahvolning asosiy sabablari esa ichki siyosiy va iqtisodiy beqarorlikdir.
Afg‘onistonning yaqin o‘tmishida yashagan, ba'zi bir nopok niyatli g‘arazli kimsalar agar uning shaxsiy istagi amalga oshmasa, mamlakatda yana urush davom etishi mumkinligini va o‘z maqsadi yo‘lida hattoki afg‘on xalqining osoyishtaligini ham buzish qo‘lidan kelishini tahdidlar bilan e'lon qilib, dunyoga jar solib kelgan edi. Bunday soxta siyosatchilar Afg‘oniston o‘tmishida oddiy avom xalqni qo‘rqitish va unga tahdid qilish yo‘li bilan siyosiy lavozimlarga ega bo‘lib, Afg‘oniston siyosiy sahnasiga ham chiqib olishgan va o‘z nayranglarini dunyo hamjamiyati ko‘z oldida ko‘p marta ko‘rsatishgan.
1. Afg‘onistonning yaqin tarixida, o‘z davlati va o‘z xalqining ishonchini suiste'mol qilish orqali, yolg‘on yo‘llar bilan yuksak davlat lavozimlarini egallagan va bu ishonchni nopok ishlarda qo‘llab, o‘z shaxsiy manfaatlariga erishgan amaldor shaxslarning o‘tmishdagi jinoiy qilmishlari oqibatida mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyati nochor ahvolga olib kelindi. Bechora oddiy xalq, soxta siyosatchilar tuzgan jinoiy guruhlar tomonidan shiddatli kuch ishlatilishidan va qurolli tahdidlardan qo‘rqqan holda dahshat ichida yashashga majbur qilingan;
2. Islom dinini niqob qilib olgan shovinistlar va terrorchi guruhlar o‘zlarining g‘arazli va yovuz niyatlarini yashirish maqsadida Afg‘onistonning oddiy avom xalqini qo‘rquv va dahshatga mahkum qildi. Qo‘rqitish va tahdid qilish yo‘li bilan mamlakat ichkarisida qilinayotgan barcha nohaqliklarga, qonunsizlik va zulmga nisbatan mahalliy xalq e'tiborsiz bo‘lib, ovozini chiqarmay indamasdan yashashga majbur qilib kelinmoqda;
3. O‘tmishida yuksak davlat lavozimlarida ishlagan ba'zi bir amaldorlarning ochko‘zligi, fahm-farosatsizligi hamda nopokligi oqibatida Afg‘onistonda uyushgan jinoyatchi guruhlar yuzaga chiqdi. Bu jinoiy guruh egalari o‘z shaxsiy manfaatlariga erishish yo‘lida, hattoki Afg‘oniston davlat qonun-qoidalarida ko‘rsatilgan rasmiy tartib-intizomni ham ma'lum bir toifalarning yoki o‘ziga tegishli qabilalarning foydasiga ishlatib keldi. Har xil jinoiy guruhlar oddiy avom xalq ichida turli ziddiyatlar keltirib chiqarib, hozirgi kunda ham Afg‘onistonning tashqi va ichki siyosiy vaziyatiga yomon ta'sir o‘tkazib kelmoqda.
Ta'kidlash joizki, aynan Afg‘onistonni ichki siyosiy buzg‘unchilikga yetaklagan unsurlarning o‘tmishda ko‘rsatgan nayranglari va qilmishlari oqibatida mamlakatda ichki nizolar ko‘paydi. Davlat ichidagi parokandalik tufayli yuzaga chiqqan qabilalar va millatlar o‘rtasidagi urush hozirgi kungacha Afg‘onistonning oddiy avom xalqini azob-uqubatda va g‘am-tashvishda yashashga mahkum qilib kelmoqda. Natijada g‘araz niyatli, nopok kishilar yaratayotgan adolatsizliklar sabali, nafaqat davlatning moddiy boyligi va oddiy xalqning mol mulki, balki odamzotning eng katta boyligi bo‘lmish ma'rifati bilan birga ma'naviyati ham talon-taroj qilinib, yo‘q etilayotgani e'tiroz qilinmaydigan haqiqatga aylandi. Qariyib 35 yildan buyon mamlakat ichkarisida davom etayotgan urush va giyohvand moddalar ishlab chiqarib dunyoga tarqatish ishlari afg‘on xalqning umumiy kayfiyatini va ahvolini juda ham ayanchli ko‘rinishga olib keldi.
Barcha yomon illatlarning chiqishiga sababchi bo‘ladigan mutaassiblikni Afg‘onistonda targ‘ib qilib yurgan ko‘p savodsiz va johil kishilar avom xalqning ongini zaharlash bilan ovora. Ularning aksariyati «jon bilan non qayg‘usida yurgan odamlarga ma'naviyat, ma'rifat, til va adabiyotning nega keragi bor, tarix bilan falsafaning nega keragi bor, umuman ilmning nega keragi bor, undan ko‘ra bir burda non topish uchun harakat qilish afzal, jonimizni saqlamoqdamiz, biz bilan ishing bo‘lmasin, bizning o‘z yo‘limiz bor», degan gaplar bilan o‘z qobig‘iga burkanib olgan. Afsuski, bunday kimsalarning faoliyatlari oddiygina nodonlik va odobsizlikning ko‘rinishi bo‘lishiga qaramay, Afg‘onistonda zamonaviy hayotni inkor etuvchi kishilar bilan birga, o‘zlarining bo‘lmag‘ur va soxta g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi kimsalar ham keng tarqalgan.
Bunday noxush vaziyat nafaqat Afg‘onistonda, balki dunyoning aksariyat tinch va farovon yashayotgan mamlakatlarida ham yuzaga kelishi mumkin. Hozirgi globallashuv davrida Afg‘onistondagidek achinarli vaziyatga tushib qolishdan dunyoning hech bir davlati kafolatlanmagan davrda yashayotganligini hech kim unutmasligi kerak. Chunki o‘z manfaatlarini ko‘zlab, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashadigan tashqi kuchlar tomonidan dunyoning ko‘pchilik davlatlarida yaratib kelinayotgan qurolli to‘qnashuvlar bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin.
Urush va zulm hukm surgan joyda iqtisodiy yo‘qchilik, siyosiy tanglik yuzaga kelishi, oddiy xalqning ishsiz, qashshoq bo‘lishi va mamlakat vayronaga aylanishi muqarrardir. Bu ham Afg‘oniston misolida o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib turgan va inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatlardan biri bo‘lib qoldi.
Bugungi kunda Afg‘onistonda yashovchi aksariyat insonlarning eng katta umidi va maqsadi jon saqlashdan iborat bo‘lib qoldi. O‘n gulidan bir guli ochilmagan, o‘sib kelayotgan yosh avlodning yashab turgan har kungi dahshat to‘la hayotida ko‘rgan va bilganlari - urush, o‘lim, yo‘qchilik va shiddatli yovuzlik. Albatta, bunday ahvol yoshlarning ruhiy kechinmalari va yoshgina ongiga qattiq zarba bermoqda. Shunday vaziyatlarda yashayotgan bo‘lishsa-da, afg‘onistonlik yoshlarining eng katta orzu-havasi asosan maktabda o‘qish, savod chiqarish va tinchlikni armon qilishdan iborat bo‘lib qoldi. O‘z navbatida, shunchalik dahshat va urush ichida ham o‘qishga, savodli bo‘lishga intilishini buyuk insoniylik fazilatlarning ko‘rinishi deb hisoblamog‘imiz zarur.
Zamonaviy ta'lim tarbiya olishni istagan va dunyodan xabardor bo‘lishga qiziquvchan yosh bola, Afg‘onistondagi o‘rta ta'lim maktablarining birini bitirganidan so‘ng o‘qituvchilik kasbini chuqurroq o‘rganish maqsadida oliygohlardan biriga kiradi va diplom olib, oliygohni bitirib chiqadi, xo‘sh, bundan keyin nima bo‘ladi? Albatta, Afg‘onistonda ish izlash bilan ovora bo‘lib, tibbiyotga kirsam bo‘lar ekan, iqtisodga kirsam bo‘lar ekan, degan afsus-nadomatlar davri boshlanadi. Koshki, tibbiyot yoki iqtisodni o‘qib chiqqanlar uchun ish topilsa. Oliygohni bitirib chiqqanlarning hammasiga ham ish topilavermasligini anglab yetgan yoshgina inson hayotning qiyinchiliklariga bardosh bera olmay jinoyatchilik girdobiga kirib ketadi.
Chorasizlik va og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli aholi turmushida yuzaga chiqqan og‘ir ahvoldan foydalanib, ish yuritayotgan jinoiy guruhlar o‘zlari yaratgan shunday noqonuniy muhitning ta'sirida ko‘plab afg‘onistonlik yoshlarni har xil yolg‘onlar bilan o‘zlari tomonga og‘dirib olmoqda. Oddiygina shunday sabalarga ko‘ra, afg‘onistonlik yoshlar jinoyatchi guruhlar safiga kirib ketishmoqda.
Afsuski, Afg‘onistonda asosan yoshlar urush, odam o‘ldirish, narkotik tijorati, terrorizm, hudkushlik, savodsizlik va chorasizlik hukm surgan vaziyatning qurbonlariga aylanmoqda. Insonlar taqdirini vayron qilib, ularni qorong‘ulik sari yetaklab, savodsizlik va yo‘qchilik changaliga tashlashni amalga oshirib kelayetgan kimsalarning qilmishlari evaziga ba'zi bir yoshlar umidsizlik girdobiga kirib, berahmlik va hayotga ishonchsizlik illatlari bilan o‘zlarini bulg‘ab qo‘yishmoqda.
Umuman olganda, butun olam inson uchun yaratilganini va bu dunyoda faqat ezgulik qilish o‘rinli ekanligini dunyoning barcha dinlari va falsafiy oqimlari targ‘ib qilib kelmoqda. Urush, janjal, begunoh odamlarning o‘limi aynan ilmsizlik va savodsizlik oqibatida kelib chiqadigan insoniyatga qarshi jinoyat ekanidan ko‘pchilikning xabari bor. Lekin afg‘onistonlik yoshlar esini tanibdiki, Islom dini yo‘lida Alloh uchun birovning o‘ldirilganini eshitadi yoki ko‘radi. Aslida esa, Olloh tomonidan odamga berilgan ruh o‘z bandasiga bergan yaratgan egasining inoyatidir. Odam odamga jon bermagan. Insonning jonini zo‘rlab, shiddatli kuch ishlatib, sug‘urib olishga hech bir bandaning haqqi yo‘q.
Inson joni shunchalik qadrsizlandimi?! Nahotki, insonni qiynash va uning joniga qasd qilish nafaqat musulmonning, balki odamzotga xos emasligini tushuntirish muammo bo‘lsa?! Nega Afg‘onistonda birovning dunyoqarashi va tushunchalari ikkinchi odamnikiga o‘xshamagani uchun uning jonini oladiganlar ko‘payib ketdi? «Nahotki, shu e'tiqod bo‘lsa?», «Nahotki, bu din bo‘lsa?», «Nahotki, bu insoniylik bo‘lsa?», degan ichki tug‘yonlar Afg‘oniston yoshlarining deyarli barchasini qiynayotganini insoniylik fazilatlardan yiroq bo‘lmagan barcha odamlar o‘z fahm-farosati orqali sezib, bila oladi. Butun yoshligi qo‘rquv, dahshatli urush-janjal ichida o‘tgan inson uchun tinchlik va farovonlik qanchalik buyuk ne'mat va yetisha olmaydigan orzu-havas ekanligini afg‘onistonlik yoshlar yaxshi tushunishadi.
Bunday ahvolga e'tibor qilmaslikning o‘zi, nafaqat begunoh insonlar o‘limiga qilingan e'tiborsizlik va loqaydsizlikdir, balki insoniyatga qarshi qilinayotgan buyuk bir jinoyatga ham indamasdan sherik bo‘lish bilan teng deya baholanmog‘i o‘rinli bo‘lar edi.
(Maqolani tayyorlashda muallifning Afg‘onistonda nashr qilingan «Afg‘onistonda o‘zbek milliy g‘oyasi va til ta'limi dasturlari» kitobidan foydalanildi)
Afg‘oniston haqida mulohazalar II-bo‘lim
Shuhrat Salamov
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
17:43 / 03.12.2024
Afg‘onistonda TAPI gaz quvuri qurilishi boshlandi
17:22 / 17.11.2024