11:50 / 07.12.2017
8902

Firibgarlar qo‘lga olindi

Majburiy ijro byurosining Bulung‘ur tuman bo‘limiga “Oqtepa-mitan” qishlog‘ida yashovchi fuqaro Suhrob Jo‘rayev murojaat qiladi. U o‘z murojaatida tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari Mansur Qodirov va Shavkat Qayumovlar undan o‘tgan yilning yoz oylarida elektr energiyasidan mavjud bo‘lgan 540 ming so‘m qarzdorlikni va yangi elektr hisoblagichni o‘rnatib berish evaziga 700 ming so‘m olib, hozirgi kunga qadar pullarni qaytarmay, yangi elektr hisoblagichni o‘rnatib bermayotganligini bayon etgan va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Shu yilning 6 avgust kuni Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyat boshqarmasi va Bulung‘ur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Bulung‘ur tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari Mansur Qodirov va Shavkat Qayumovlar firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 700 ming so‘m pulning 150 ming so‘mini fuqaro Suhrob Jo‘rayevga qaytarib berayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Shuningdek, ularning mashinasidan 19 dona elektr hisoblagich uskunalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tumani xodimlari tomonidan olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari natijasida fuqaro Mansur Qodirov va Shavkat Qayumovlar o‘z ayblariga iqror bo‘lib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 700 ming so‘mdan qolgan 550 ming so‘mini o‘z ixtiyori bilan taqdim etgan.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ayrim kimsalar o‘zini Majburiy ijro byurosi xodimi sifatida tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan odamlarni chuv tushirmoqdalar. O‘z navbatida, fuqarolar ham xonadoniga kelgan Byuro xodimi bilan faqatgina xizmat guvohnomasini ko‘rsatgandan so‘nggina suhbatlashib, energiya resurslarining hisoblagichlarini tekshirishga yo‘l qo‘yishi, biror noqonuniy holatni sezgach, byuroning tuman-shahar bo‘limlariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga murojaat qilishlari lozim. 

Mavzuga oid
Top