09:05 / 07.12.2017
13975

O‘zbekistonlik shtangachilar ilk bor jahon chempionatining yetakchi uchligidan joy olishdi  

Foto: Nuz.uz

AQShning Anahaym shahrida og‘ir atletika bo‘yicha 28 noyabrdan 5 dekabrgacha o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi munosib qatnashib, 5 ta medalni qo‘lga kiritdi.  

O‘zbekistonlik shtangachilar bitta oltin, ikkita kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdilar. Oltin medalga dast ko‘tarishda 179 kilogrammlik shtangani ko‘tara olgan Doston Yoqubov (69 kg vazn toifasi) sazovor bo‘ldi. 

Kumush medallarni Farhodbek Sobirov (94 kg) va Ivan Yefremov (105 kg) qo‘lga kiritdilar. Musobaqaning eng yosh ishtirokchilaridan bo‘lgan 20 yoshli Farhodbek dast ko‘tarishda 183 kilogrammlik shtangani ko‘tara oldi. Ivan esa dast ko‘tarishda 182 kilogrammlik natija ko‘rsatdi. U, shuningdek, ikki kurash natijasiga ko‘ra (dast ko‘tarishda 182 kg va siltab ko‘tarishda 217 kg) bronza medali sohibi bo‘ldi. 

O‘zbekiston terma jamoasiga yana bitta bronza medalni Adhamjon Ergashev keltirdi. 62 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchimiz dast ko‘tarishda 135 kilogrammlik natija uchun bronza medali bilan taqdirlandi.

Umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi 3-o‘rinni egalladi va mamlakatimiz tarixida ilk bor jahon chempionati yetakchi uchligidan joy oldi. 

Birinchi ikkita o‘rin Eron va Koreyaga nasib qildi. Musobaqada 72 davlatdan 400 ga yaqin sportchi kurash olib bordi.

Top