12:54 / 08.12.2017
12568

Mudroq bosgan vijdon yoki otalik mas'uliyatini unutganlar 

Foto: Shutterstock

Farhod va Shohista (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) turmush qurganlarida “Baxtli yashaymiz, farzandlarimiz bo‘ladi. Ularni hech kimdan kam qilmay ulg‘aytiramiz”, deb orzu qilishgandi. Biroq, arzimagan sabablar bilan ular qonuniy ajrashib ketishdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2011 yil 17 iyundagi qarori bilan o‘rtalarida tug‘ilgan farzand Ohista Timurovaning ta'minoti uchun Farhod Timurovning aliment to‘lashi belgilangan edi.

Buni qarangki, Farhod qizi Ohista dunyoga kelib, unga otalik baxtini muyassar etganda qanchalik quvongan bo‘lsa, qizi uchun aliment to‘lashi lozimligini eshitgach, shunchalar xafa bo‘lib ketdi:

-  Uf-f, bir kami shu qoluvdi. Hali aliment ham to‘lashim kerak ekanmi?

-  Farzandingiz voyaga yetgunga qadar har oy belgilangan miqdorda kechiktirmasdan aliment to‘lovini amalga oshirishingiz shart, - dedi ijrochi.

Biroq Farhod va'da bergan bo‘lsa-da, aliment pulini o‘z vaqtida to‘lashi lozimligini unutishni odat qildi. Har gal aliment undirilganda tushuntirish xati yozar ekan, “...agar uch oy muddatda farzandim Ohista Timurova uchun aliment pullarini to‘lamasam, O‘zbekiston Respublikasi JKning 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishim tushuntirildi”, degan jumlalarni yozar, keyin esa ijrochilar eshik qoqib kelishini, IIB qidiruv e'lon qilishini “kutib” yotaverardi.

Shohista Timurovaning MIBning Buxoro shahar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozgan arizasiga binoan F.Timurov 6 oy davomida aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotganligi holati o‘rganildi. U yashayotgan mahallaga borib suhbat o‘tkazilgach, otaning mudroq bosgan vijdoni uyg‘ongandek bo‘ldi. 2017 yil 3 oktabr kuni Shohista Timurova farzandi Ohista Timurovaning ta'minoti uchun aliment pullarini oldi.

Otalik mas'uliyatini unutish gunoh. Chunki, murosaga kelolmagan ota-onasi uchun norasida go‘dak aybdor emas. U kundalik ehtiyoji, o‘qishi yoki davolanishi uchun voyaga yetgunga qadar ota-onasi tomonidan ta'minlanishi qonunda belgilangan.

Top