12:30 / 10.12.2017
26759

Toshkentda 25 ming dollarni o‘marganlar ushlandi

Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi xonadonlarning biridan 25 ming AQSh dollari va boshqa buyumlarni o‘g‘irlab ketgan jinoyatchilar qo‘lga olindi. Bu haqda ShIIBB rasmiy vakili Azizjon Teshaboyev matbuot brifingida ma'lum qildi, deb xabar qilmoqda tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri.

“2017 yilning 14 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga fuqaro Ahmedovning uyiga noma'lum shaxslar bosqinchilik yo‘li bilan bostirib kirganligi haqidagi xabar kelib tushgan. Ushbu xabarga asosan voqea joyiga yetib borgan tergov-tezkor guruhi tomonidan jinoyatni fosh qilishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilgan – dedi Teshaboyev. – Tergov-tezkor harakatlar davomida aniqlanishicha, joriy yilning 14 noyabr kuni noma'lum shaxslar yuzlariga niqob, qo‘llariga qo‘lqop kiygan holda Shayxontoxur tumanidagi xonadonga bostirib kirib, xonadon egasi fuqaro Ahmedov, uning turmush o‘rtog‘i va farzandiga hujum qilib, ularni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, qo‘l va oyoqlarini skotch bilan bog‘lab, seyf ichidan 25.000 AQSh dollari va 4.000.000 so‘mlik «Samsung-Galaxy S7 edge» rusumli telefon apparati, fuqarolik pasportlarini bosqinchilik yo‘li bilan egallab, hodisa joyidan yashiringanlar”.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent ShIIBB Tergov boshqarmasi tomonidan noma'lum shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 4-qismi “a” bandi, ya'ni “bosqinchilik” (o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda sodir etilishi) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi xodimlari tomonidan mazkur jinoyatni fosh qilishga qaratilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida jinoyatni 1994 yilda tug‘ilgan, Toshkent irrigatsiya oliygohi 3-bosqich talabasi F.A., 1988 yilda tug‘ilgan A.A., 1994 yilda tug‘ilgan M.O., 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan B.Z., va 1993 yilda tug‘ilgan N.D.lar sodir etganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Ayni vaqtda ushbu shaxslarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda ayblanuvchilarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Top