14:10 / 13.12.2017
28068

Pansionatlar mojarosi. Qirg‘iziston rozi bo‘ldi

Foto: tktrio.kz

Qirg‘iziston O‘zbekistonga Issiq-Ko‘l viloyatidagi to‘rtta pansionat joylashgan yer uchastkalarini vaqtinchalik foydalanishga berish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti devonining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bo‘limi xabar berdi.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasi bosh vaziri Sapar Isoqov tegishli farmoyishni imzolagan.

Xabar qilinishicha, qaror Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida 1994 yilning 24 dekabr kuni imzolangan abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Bitimga muvofiq qabul qilindi. Hujjat turizmni rivojlantirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonning «Zolotyye peski», «Rohat NBU», «Dilorom» hamda «Bo‘ston» pansionatlari hududida joylashgan bino va inshootlarga egalik huquqini rasmiylashtirish tartibi o‘rnatilmoqda.

Shu bilan birga, obektlarga biriktirilgan yer uchastkalari Qirg‘iziston mulkida qoladi va vaqtinchalik foydalanishga beriladi.

Yangi hujjatga ko‘ra, pansionatlar joylashgan yerlar Qirg‘iziston Respublikasiga tegishli bo‘lishda davom etadi, biroq mulkning o‘zi O‘zbekiston ixtiyoriga o‘tishi lozim. O‘zbekiston rasmiylashtirishdan so‘ng pansionatlarni yil davomida ishlaydigan va ishchilarining 30 foizi Qirg‘izistondan bo‘lgan 3-4 yulduzli mehmonxonalar darajasiga yetkazishi kerak. 

Kelishuvlar doirasida O‘zbekiston tomoni Xalqaro arbitraj sudga bergan da'vo arizasini qaytarib olishi ko‘zda tutilgan. Shu tariqa, mavjud bo‘lgan barcha bahslarni tinch yo‘l bilan hal etish mustahkamlanib qo‘yiladi.

Mavzuga oid
Top