00:10 / 19.12.2017
16100

Mahalliychilikka yo‘l qo‘ygan fuqarolar javobgarlikka tortildi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar» deb qat'iy belgilab qo‘yilgan.

Joriy yilning 3 dekabr kuni Toshkent shahridagi «Poytaxt» savdo majmuasi yonida Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan «Lexus» rusumli avtomashina egasi va uning yonida o‘tirgan ayol Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridan Toshkent shahriga ishlash uchun kelgan ikki nafar fuqaroni «Bu yer toshkentliklarning joyi, biz bu yerga soliq to‘laymiz, sizlar kelgindilar» deb haqorat qilgan, deb yozadi 1news.uz.

Ushbu holat bo‘yicha tegishli ichki ishlar organlariga murojaat qilingan.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, haqorat qilgan fuqarolar Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar N.Ashirova va O.Jo‘rayev bo‘lishgan.

Mazkur noxush holatlar bo‘yicha joriy yilning 14 dekabr kuni Toshkent shahar Mirobod tuman ma'muriy sudi tomonidan ochiq sud majlisi o‘tkazilib, huquqbuzarlar O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortildilar.

Mavzuga oid
Top