KUN.UZ tahririyati “O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyati muassisligida tashkil etilgan, keyinchalik ushbu milliy xolding kompaniyaning qarori bilan “Sho‘rtanneftegaz” MChJ tarkibiga qo‘shish bo‘yicha rozilik berilgani, ammo eng asosiy muammo, 300 dan ortiq ishchi-xodimlarning 9-10 oy bo‘yicha ish haqi qarzdorligi yopilmagani haqida bir necha marotaba bong urdi. 

Xususan, tahririyat muxbiri mazkur masalani o‘rganish maqsadida 24 oktabr kuni Qarshi shahriga xizmat safari ham uyushtirgan va o‘rganishlari natijasida o‘z maqolasini e'lon qilgan edi.

«O‘zbekneftgaz» muassisligidagi firma ishchilari 10 oydan beri maosh olmadi

Tahririyat yuqoridagi havolada berilgan maqolada “Chigil Neft Gaz” MChJ muassisi bo‘lgan “O‘zbekneftegaz” AJ O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasida qayd qilingan mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligiga ko‘z yumgani, bundan tashqari Kodeksning 154-moddasida ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat'inazar xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq, mazkur Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshirishi kerakligi haqidagi talablarni qo‘pol ravishda buzgan holda ish haqlarini to‘lashni amalga oshirmagani haqida jar soldi. 

Ammo, lekin, biroq...

Maoshini ololmayotgan 280 dan ortiq ishchi oilasini boqishi uchun o‘g‘rilik qilsinmi?

Afsuski, ikkinchi maqoladan keyin ham muammo hamon mavjud va u bartaraf etilgani yo‘q. Ishchilar “Sho‘rtanneftegaz” MChJga qabul qilingan, biroq ularning avvalgi ish beruvchilaridan qolgan bir necha oylik va miqdor o‘laroq bir necha millionlik maoshlari berilmagani ma'lum bo‘ldi. Endilikda, ular o‘sha maoshlarini kimdan talab qilishlarini ham bilishmayapti? Bizga ma'lum qilishlaricha, ishchilar endilikda ololmagan maoshlarini kimdan olishlarini aniq bilishmaydi. 

Tugatilayotgan MChJga borishsa, sizlar “Sho‘rtanneftegaz”ga o‘tgansizlar, deb qaytarishmoqda, “Sho‘rtanneftegaz” MChJning Elbek aka ismli bosh hisobchisiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, muxbirligimizni bilgach, go‘shakni majlisda ekanligini ro‘kach qilib qo‘ydi. Shundan so‘ng, u kishi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Dodini kimga aytishni bilmagan oddiy ishchilar, otangga bor, onangga bordan rosa charchashgani, ikki tashkilot rahbariyati jo‘yali tushuntirishlar bermagani sababli yana  KUN.UZ tahririyatiga quyidagicha murojaat yo‘lladi.