20:55 / 27.12.2017
25309

Toshkentga yangi avtobuslardan 50 donasi keltirilmoqda

Foto: MAN Auto-Uzbekistan

Toshkent shahrida yo‘lovchi tashish xizmatini bosqichma-bosqich yaxshilash hamda rivojlantirish maqsadida MAN A22 SNG rusumidagi katta sig‘imli 50 dona zamonaviy avtobuslar «Toshshahartransxizmat» AJ avtoparkiga yetkazib berildi. Bu haqda «MAN Auto-Uzbekistan» kompaniyasi Kun.uz'ga xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 11 mart kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan 2017 yilda 50 dona, 2018 yilda 110 dona, 2019 yilda esa 190 dona tabiiy gazda harakatlanuvchi avtobus avtoparkka taqdim etilishi belgilangan. Shunday qilib, uch yil davomida umumiy hisobda 350 dona zamonaviy avtobuslar foydalanishga topshirilishi nazarda tutilgan.

MAN brendi ostida ishlab chiqarilayotgan A22 SNG rusumli avtobusning uzunligi 12 m bo‘lib, siqilgan tabiiy gazda harakatlanadi. Kuzov yengil alyuminiy metallidan ishlangani tufayli, shaharda harakatlanayotgan avtobus asfaltga qo‘shimcha yuk tushirmaydi. Bir vaqtning o‘zida 90 nafar yo‘lovchini o‘z bag‘riga olish imkoniyatiga ega.

Foto: MAN Auto-Uzbekistan

«Ekologik toza avtomobil» (EEV) standarti asosida avtobusga E2876 dvigatellari o‘rnatilgan.

Dasturga ko‘ra, shahar atrofida qatnovchi avtobus yo‘nalishlarining oxirgi to‘xtash punktlarini Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashtirish belgilangan. Yo‘lovchi transportlari harakatini GPS-monitoring qilish tizimi yanada rivojlantirish ishlari davom ettiriladi. Ikki oy ichida, Toshkent shahar yo‘lovchi transportida yo‘lkira to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi tayyorlanishi belgilangan.

Foto: MAN Auto-Uzbekistan

Shu bilan birga, 2030 yilgacha Toshkent yo‘lovchi transportini rivojlantirish konseptsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida 670 nafar haydovchi qayta tayyorlanadi.

Top