11:22 / 20.01.2018
43210

Aholi yangi elektr energiyasi va gaz hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun haq to‘lamaydi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi 22-son «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

• Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari (oldingisi kuchini yo‘qotdi);
• Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari (Iqtisodiyot tarmoqlarida gazdan foydalanish qoidalari kuchini yo‘qotdi).

Ularda bir nechta qiziqarli jihatlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.

Birinchidan, maishiy iste'molchilar (ya'ni, aholi)ga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini hisobga olish zamonaviy uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish, ro‘yxatdan o‘tkazish, davriy davlat qiyoslovi va plombalash tegishincha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va gaz ta'minoti tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladi. Biroq bu yerda quyidagilarni inobatga olish darkor.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi

1) Normada faqat zamonaviy, ya'ni elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimlariga integratsiyalangan hisoblagichlar (ENHAT, GNHAT) xususida so‘z bormoqda. Zamonaviy talablarga javob bermaydigan hisobga olish uskunalarini qiyoslashdan o‘tkazish xarajatlari iste'molchi (mulkdor) tomonidan mustaqil ravishda  to‘lanadi.  

2) Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida yana bitta shart bor. Unda aytilishicha, tabiiy gaz iste'molini hisobga olish uskunalarini ta'mirlash va davlat qiyoslovidan o‘tkazish uchun xarajatlar ularning mulkdori tomonidan qoplanadi. Demak, agar fuqaro unga o‘rnatilgan hisobga olish uskunasi uchun to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsa, u uning mulkdori hisoblanadi va uni davriy qiyoslovdan o‘tkazish ishlari uchun o‘zi to‘lovni amalga oshirish kerak. Agar hisoblagich gaz ta'minoti tashkiloti tomonidan o‘rnatilgan bo‘lsa va iste'molchi uning qiymatini to‘lamagan bo‘lsa, davriy qiyoslov ham bepul o‘tkaziladi.

3) Yuqorida ko‘rsatilgan qoidalar faqat hisobga olish uskunalaridan lozim darajada foydalanilgan taqdirda ishlaydi. Agar hisoblagichga iste'molchining aybi bilan zarar yetkazilgan, ishdan chiqarilgan yoki yo‘qotilgan bo‘lsa, uni almashtirish, ta'mirlash, davlat qiyoslovidan o‘tkazish va o‘rnatish uchun to‘lov iste'molchining o‘zi tomonidan amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, maishiy iste'molchilar (ya'ni aholi)ning elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini hisobga olish uskunalarining davriy davlat qiyoslovidan o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini tashkil qilish bo‘yicha javobgarlik, tegishincha, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va gaz ta'minoti tashkilotlariga yuklatiladi.

Yangilangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarida quyidagilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘zda tutiladi: agar qiyoslovdan o‘tkazish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa, biroq elektr ta'minoti korxonasi qiyoslovdan o‘tkazmagan bo‘lsa – iste'molchi hisoblagich ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishni davom ettiradi. Bunday holatda elektr ta'minoti korxonasi iste'mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish qiyoslashlararo interval muddati o‘tgan hisoblagich bilan amalga oshirilgan davr uchun qayta hisob-kitob qilishga haqli emas. Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari bunday kafolatni o‘z ichiga olmaydi.  

Uchinchidan, tadbirkorlik sub'yektlarini elektr va gaz tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash faqat ularning ixtiyoriga binoan amalga oshiriladi. Demak, energiya ta'minoti tashkilotlari bunday xizmatlarga majburlashi mumkin emas.

Hujjat 16.01.2018 yildan kuchga kirdi.

Top