Myunxen fojiasiga 60 yil: aslida nima bo‘lgandi?
«Haddersfild»ga qarshi o‘yinda «Manchester Yunayted» futbolchilari qora bog‘ich ostida maydonga tushdi. Oltinchi fevral kuni klub tarixida o‘chmas iz qoldirgan Myunxen fojiasiga oltmish yil to‘ladi.
1958 yilning shu kunida «Manchester Yunayted» jamoasi futbolchilari va personali, shuningdek bir qator jurnalistlar va muxlislar joylashgan samolyot noqulay ob-havo tufayli Myunxen aerodromidan ko‘tarilishda muammoga duch keladi va bort avariyaga uchraydi. Jamoa Chempionlar kubogi doirasida chorak final uchrashuvida Belgradning «Tsrvena Zvezda» jamoasini dog‘da qoldirib, yarim finalga yo‘l olgan va Myunxenda yoqilg‘i quyib olish uchun qo‘ngandi. 44 yo‘lovchidan 23 nafari olamdan ko‘z yumadi.
VOQeADAN OLDIN
1955 yilning aprelida UYeFA Yevropa ligalari chempionlari o‘rtasida Chempionlar kubogi musobaqasini tashkil qildi. Dastlabki mavsumda ingliz jamoalari bu turnirga qatnashishmadi, o‘sha paytdagi Angliya Ligasi rahbari Alan Hardeyker milliy turnirlarga bo‘lgan qiziqish pasayishidan xavotir olgan va «Chelsi»ga ruxsat bermagandi.
Keyingi mavsumda «Manchester Yunayted» chempion bo‘ldi va xuddi «Chelsi» kabi manchesterliklarga ham xalqaro turnirda qatnashishga taqiq qo‘yildi. Ammo bosh murabbiy Mett Basbi va klub raisi Harold Hardman AFAdan o‘z tarafdorlarini topishadi va uzoq urinishlar natijasida bu musobaqada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishadi. Shu tariqa, «Manchester Yunayted» ingliz jamoalari ichida birinchi bo‘lib yevrokuboklarda qatnashgan klub sifatida tarixda qoladi.
Jamoa ilk musobaqadayoq ishonchli qatnashib, yarim finalgacha bordi va faqat bo‘lajak g‘olib Madridning «Real»iga imkoniyatni boy berishadi. Qatorasiga ikkinchi chempionlikka ham erishgan «Basbi bolalari» (jamoaning aksariyat o‘yinchilari juda yosh bo‘lganliklari uchun, shunday laqab olgandilar) Yevropa miqyosidagi g‘alaba sari odimlashda davom etishdi.
U vaqtlarda samolyotda uchish ancha tahlikali sanalardi, ammo shanba kunlari o‘tkaziladigan milliy chempionat o‘yinlariga ulgurish uchun hafta o‘rtasida yevrokubok o‘yinida ishtirok etgan «Yunayted»da samolyotda uchishdan boshqa iloj ham qolmagandi.
6 FeVRAL. 1958 YIL
Samolyot nemis zaminiga qo‘nganida, hamma juda xotirjam va yaxshi kayfiyatda edi. Kimdir karta o‘ynar, boshqasi so‘nggi yangiliklarni muhokama qilar, bort turli kitob va jurnallarga to‘la edi. Uchish oldidan kuzatiladigan odatiy muhit: biroz asabiylik bor, ammo karta o‘yini va suhbatlar vaziyatga ancha xotirjamlik olib kirgan. Hatto ba'zilar uxlab ham yotishibdi.
Soat 14.00ga yaqin G-ALZU AS 57 bort kapitani Kenet Reyment bilan birga uchish uchun tayyor edi. Shu yergacha bortni boshqargan kapitan yordamchisi Jyeyms Teyn endi Reyment bilan o‘rin almashgandi.
«Ken ikkimiz uchish uchun barcha richaglarni tortdik va men «qani, olg‘a» deb buyruq berdim. Dvigatellar ishga tushdi, ammo negadir ikkimiz ham nimadir noto‘g‘ri bo‘layotganini his qilib turardik. Dvigatellar juda notekis ishlayotgandi. Samolyot tezlanishni boshlashi hamono, Ken tormozni bosdi. Qirq sekund o‘tmay, samolyot endi joyida to‘xtab turar edi» - deb eslaydi Jyeyms Teyn.
Ikkinchi urinish ham muvaffaqiyatsiz chiqqach, samolyotga qayta yoqilg‘i bilan to‘ldirish zarurati tug‘ildi va yo‘lovchilar kofe ichish uchun tashqariga chiqishdi.
«Manchester Yunayted» himoyachisi Bill Foulks hikoya qiladi: «Biz Belgraddan to Myunxengacha karta o‘ynab kelgandik. Esimda, bortdan tashqariga chiqqanimda havo juda sovuq edi. Uchish amalga oshmagach, ba'zilarning asabiylasha boshlaganiga e'tibor berdim. Ikkinchi urinishdan keyin ahvol yanada taranglashdi va bortga qaytganimizda kayfiyat tushib ketgan edi. Endi hech kim karta o‘ynagisi kelmay qoldi, men ham kartalarni cho‘ntagimga soldim-da, uchinchi urinishni kuta boshladim. Men o‘rtaroqda o‘tirgandim, yonimda Mett Basbi va Bert Voley birga o‘tirishar, Mark, Tommi, Dunkan va Eddi sal orqaroqda edi. Devid Pegg o‘rnidan turib, «bu yer menga yoqmayapti, xavfliga o‘xshaydi, men ketdim» deb orqadagi futbolchilar safiga qo‘shildi. Sviftning ham ketganini ko‘rdim. Boshqalar shu menga yaqin joylarda o‘tirishgandi».
Yana Jyeymsga so‘z beramiz - «Uchinchi urinishda ham dvigatellar yomon ishlayotganini sezdim va Kenga aytdim. Spidometr 105 ni ko‘rsatardi, lekin qandaydir beqaror edi. Raqam 117 ga chiqqach, xavfni seza boshladim va ratsiyada xabar bera boshladim. Birdaniga spidometr avval 112 ga, keyin 105 ga tushayotganini ko‘rdim. «Ey Xudo, eplay olmayapmiz» deb qichqirib yubordi Ken. Men oldimga qarab qorni, aerodrom yaqinidagi qanaqadir binoni va daraxtni ko‘rdim».
7 FeVRAL. 1958 YIL
Halokatdan so‘ng «Elizabetan»ni (samolyot nomi) tanib bo‘lmasdi. Samolyot uyga urilib ketdi va yonib ketdi. Qanotlar daraxtlarga urilib, ajrab ketgan, bino atrofida bochkalarda turgan yoqilg‘ilar ham portlab ketgandi.
«Samolyotning orqa tarafi umuman yo‘q bo‘lib qolgandek edi. Men imkon qadar juda tez yugurib qocha boshladim. Hech narsani o‘ylamas, faqat uzoqroqqa yugurishga harakat qilardim. Keyin, ortga qarab, samolyot portlamasligini sezdim va qaytdim. Boshqalarni qutqarish kerak edi. Rodjyer Bern kreslosiga bog‘lanib qolgan, Bobbi Charlton hech narsani sezmay o‘z o‘rnida o‘tirardi. Keyin qayerdandir Gari Gregg paydo bo‘ldi va ikkimiz yordam berishimiz mumkin bo‘lgan sheriklarimizni qidirib, qutqara boshladik».
«Ikki sherigimiz bilan birga Mett Basbini ko‘tarib olib chiqdik - uning ahvoli juda og‘ir edi. Bobbi Charlton o‘ziga kelib, o‘rnidan turdi va bizga yordam bera boshladi. Hammani Myunxendagi kasalxonaga olib borishdi. Bu o‘sha halokat bo‘lgan kun, ammo biz voqeaning butun dahshatini his qilmasidan bir kun oldingi voqealar edi» - deydi Bill Foulks.
Biz Basbining xonasiga kirganimizda, u kislorod maskasida yotar, Dunkan Edvardning ahvoli esa, yanada og‘irroq edi. Bobbining boshini bog‘lashdi, Jyekining yuzi tikilgan, qo‘lini gips qilishgandi. Albert Skanlon ko‘zini yumib yotar, Rey Vuud kantuziya holatiga tushib qolgan, shuningdek, Ken Morgans va Jonni Berri o‘z o‘rinlarida yotar edi. Hamshiraning aytishicha, Dunkanning yashab ketish imkoniyati Jonninikidan ko‘proq ekan. E voh...
Biz Frenk Teylorning yoniga yaqinlashdik. U o‘sha palatadagi yagona jurnalist edi. U bizdan birga pivo ichishimizni so‘radi. Aftidan, Frenk kechagi voqeani hali anglab yetmagan ham edi. Men hamshiradan boshqa bolalarni ham ko‘rishimiz mumkinmikin, shuni so‘radim.
- Boshqalar? Boshqalar yo‘q, shu yerdagilardan boshqa hech kim qolmadi!
Dahshat. Ana o‘shanda biz voqeaning butun foijiasini his qilgandik. «Basbi bolalari» endi yo‘q! Yo‘q ular!»
Rodjyer Bern, Geoff Bent, Mark Jons, Devid Plegg, Liam Vilan, Elli Kolman, Tommi Teylor voqea joyidayoq vafot etishdi. Klub kotibi Volter ham murabbiylar Tom Karri va Bert Volley bilan birga halok bo‘ldi. Dunkan va Jons og‘ir ahvolda yotardi, Mett Basbi ham ko‘p joyidan yaralangan — u klub xodimlaridan tirik qolgan yagona inson edi.
To‘qqiz sport jurnalistidan sakkiz nafari vafot etdi. Samolyot kapitanlaridan biri, yana ikki passajir – turist va jamoa muxlisi ham. To‘qqiz futbolchi tirik qoldi, ammo ulardan ikki nafari – Jonni Berri va Jyeki Blanchflauer keyin futbol o‘ynay olishmadi.
Ikki fotograf, turfirma agentining rafiqasi, ikki yugoslaviyalik yo‘lovchi (biri chaqaloq) tirik qoldi. 21 kishi halok bo‘ldi va 20 kishi tirik qoldi. Hayot uchun kurashayotgan 4 yo‘lovchidan 2 nafarigina tirik qoldi, xolos. Oradan uch hafta o‘tib, Dunkan Edvards va Kenett Reyment kasalxonada jon berishdi.
OQIBAT: OSTONAGA KO‘MILGAN ORZU
O‘sha haftada «Yunayted» Liga peshqadami «Vulverhempton» bilan «Old Trafford»da to‘p surishi ko‘zda tutilgandi. Uzoq yo‘lchilikka qaramay, ko‘pchilik bu o‘yinda g‘alaba kutar, peshqadam bilan o‘rtadagi farq 4 ochkoga kamayishini hamma istar edi. Butun Manchester o‘yinni kutayotgan bir paytda gazetalar sovuq sarlavhalar bilan shaharga kirib bordi: «Manchester Yunayted» avihalokat qurboni... Tiriklar juda oz». Hamma eshitar, o‘qir, bir-biriga gapirib berar, ammo aslida bu qanday voqea ekanini idrok eta olmayotgandi go‘yo.
Mett Basbining do‘sti, Uels terma jamoasi murabbiyi Jimmi Myorfi «MYu»da bosh murabbiyga yordam berardi.
«Men Yevropa safarlarida doim Mett bilan birga yurar, ammo bu safar negadir Mett Belgradga bormasam ham bo‘laverishini aytdi. O‘sha paytlarda xayolim ko‘proq Uels terma jamoasi bilan edi. O‘sha voqea bo‘lgan kuni ertalab, Manchesterga keldim. Kotiba menga samolyot avariyaga uchraganini aytdi. Men faqat u yig‘lab yuborgandagina ishondim. U ko‘pchilik vafot etganini bilar, lekin kim, necha kishi, umuman xabari yo‘q edi. U ketgach, men xonamga kirdim va uzoq vaqt yig‘lab o‘tirdim.
Ertasiga Jimmi Myunxenga uchib bordi va Basbi bilan ko‘rishdi.
«Mett kislorod maskada yotardi. U mening qo‘limni ushlab, «keep the flag flying» dedi. Dunkan ham meni tanidi. Hammasi dahshat edi. Dahshat! Basbi uning ishini davom ettirishimni, «Yunayted» bayrog‘ini qo‘lga olishimni istadi va mening oldimda jamoani yana tiklash vazifasi turardi. Menda endi yanada buyukroq jamoa bor, lekin futbolchilar yo‘q edi», - deb hikoya qiladi Myorfi.
Ertasiga Manchester o‘z qahramonlarini qabul qildi. Ortiqcha muammo tug‘ilmasligi uchun jasadlar kechasi olib kelingan va gimnaziyaga joylashtirilgandi. O‘sha yerda marhumlarning oila-a'zolari va yaqinlari yig‘ilishdi. Minglab muxlislar shu paytgacha olqishlari ostiga javlon urgan navqiron tanalarni so‘nggi bor ko‘rish uchun kelishdi.
Marhumlarning yaqinlari iltimosiga binoan ta'ziya marosimi begonalardan xoli o‘tkazildi. Ammo begonasi bormi ularning? Muxlislar sal uzoqroq joyda to‘planib, ta'ziyani kuzatib turishdi. Futbol tarixida muxlislar yig‘ilgan joyda bu qadar jimjitlik kuzatilmagandi, balki. Hamma sokin yig‘lardi. Shahardagi taksichilar ham kun davomida tekinga xizmat qilishdi.
Butun futbol mana shunday sokinlashgan, turdagi barcha o‘yinlar motamda o‘tdi. Raqobatchi klublar ham jamoaga yordam qo‘lini cho‘za boshlashdi. «Liverpul» va «Nottingem Forest» bu borada birinchilardan bo‘lishdi.
«Yunayted»ning ligadagi o‘rni saqlanib qolishi mumkin, Liga taqiqlardan birini bekor qildi va Angliya kubogida bir jamoa safida qatnashgan futbolchiga xuddi shu turnirda boshqa jamoa sharafini himoya qilish imkoniyatini berdi. «Yunayted»ga yangi o‘yinchilar kerak edi, Jimmi Myorfi tarkib yig‘a boshladi. Birinchi transfer «Blekpul» a'zosi Erni Teylorning kelib qo‘shilishi bo‘ldi. Asta-sekin «Old Trafford»ga futbol qayta boshladi.
ILK O‘YIN: 59 999 HAMDARD
Halokatdan 13 kun o‘tib, «Manchester Yunayted» Angliya kubogi doirasida «Sheffild Uensdey»ni qabul qildi. Fevralning sovuq kunida stadionga 60 000 muxlis tashrif buyurdi. Balki oradagi vaqt nimanidir unuttirgandir, ammo yana 59 999 hamdardini ko‘rgan inson yana yig‘lab yuborishi tabiiy. Hech kimdan uyalmay, ochiqchasiga hamma yig‘lardi yana. Ko‘pchilik ataylab qizil-oq-qora liboslarda kelgandi va aynan o‘sha kundan boshlab bu ranglar «Manchester Yunayted»ning o‘zgarmas ranglari bo‘lib qoldi. O‘yinoldi programkada fojia haqida maqola e'lon qilingan, jamoa tarkibi yoziladigan yer esa, bo‘sh qoldirilgandi. To‘ldirish muxlislarga havola qilindi – kimdir suxandondan eshitib, tarkibni yozib oldi, kimdir marhum qahramonlarining ismlarini yozdi, kimdir esdalik sifatida bo‘sh qog‘ozni uyiga ko‘tarib ketdi.
Darvozabon Gari Gregg va o‘ng qanot himoyachisi Bill Foulks – eski asosiy tarkibdan shu kuni maydonga tushgan ikki vakil edi. Boshqa nomlar notanish: chap qanotdagi Yan Grivs shu kungacha o‘smirlar tarkibida o‘ynab yurgan futbolchi Rojyer Bernning o‘rnini egallagandi: «Esimda, yechinish xonasi juda jimjit edi. Men Rojyerni xayolimdan chiqarib tashlay olmayotgandim. Men uning formasida, uning o‘rnida o‘tirardim axir»...
Chap qanot yarim himoyachisi Sten Krouterning transferini esa, unutish mumkin emas. U «Aston Villa»da o‘ynagan va umuman Manchesterga kelishni istamagandi. Murabbiy Myorfi eslaydi: «Erik Hyuton o‘sha paytlarda Villaning murabbiyi edi. U Stenga bizning qiziqayotganimizni aytdi. Sten jamoasini tark etishni istamadi, lekin Erik uning «Old Trafford»dagi «Sheffild»ga qarshi o‘yinimizga birga olib keldi. Yo‘lda ketayotib Erik yana o‘sha mavzuni ochadi va Stenning yordamiga muhtoj ekanimizni aytadi. Sten nima deyishni bilmay, formasi o‘zi bilan emasligini bahona qila boshlaydi. «Xavotir olma, hammasini olganman», - deb javob beradi Erik. Ular o‘yin boshlanishiga bir soat qolganida «Manchester Yunayted» vakillari bilan uchrashishdi va shartnoma imzolandi».
O‘sha kuni «Sheffild»da umuman imkoniyat yo‘q edi. Axir mezbonlar umuman katta narsa uchun maydonga tushishgandi. Tribunadagi ehtirosning ham qiyosi yo‘q edi.
«O‘sha o‘yinda maydonga tushgan yoki tribunadan tomosha qilgan biror kishining bu kunni unuta olishiga ishonmayman», – deb eslagandi keyinchalik «Manchester Yunayted» tarkibiga qo‘shilgan «Sheffild» futbolchisi Albert Kuiksol – «ular butun yurak bilan o‘ynashdi va maydonda butunlay yangi tarkib bo‘lishiga qaramay, har qanday holatda bizni yenggan bo‘lishardi. Go‘yoki bizga qarshi 11 futbolchi emas, 60 000 kishi to‘p surgandek edi».
Kim biladi, balki yurakning tub tubida «Sheffild» futbolchilarining o‘zlari ham o‘zlariga qarshilik qilgandir...
Oradan ikki kun o‘tib, Dunkan Edvards ham kasalxonada jon berdi va yara yangilandi.
YaKUN: UCh KIShI
Ertak bu yerida tugamasligi kerak, albatta.
Kasalxonadan chiqib, reabilitatsiya markaziga qatnay boshlagan, nafaqat futbol, umuman hayot haqida o‘ylamay, tushkunlikka tushib qolgan Mett Basbi rafiqasining bir so‘zidan keyin oyoqqa turadi. «Bilasanmi, bolalaring qaytishingni juda ham xohlashyapti», – degandi o‘shanda Jin Basbi.
1958/59 yilgi mavsumda Mett Basbi klubga qaytdi va boshqatdan «Basbi bolalarini» tuzishni boshladi. Keyinchalik, murabbiyning aytishicha, u judayam yaqin kelgan, ammo fojia tufayli qo‘ldan chiqib ketgan Yevropa Chempionlar Kubogida g‘alaba qozonish orzusi bir muddat bo‘lsa ham xayolini tark etmagan, ayniqsa, futbolchilarning aynan o‘sha kayfiyatni saqlab qolish haqida ko‘p qayg‘urgan ekan.
Oradan yillar o‘tib, 1968 yilda «Manchester Yunayted» Chempionlar kubogi finalida «Benfika» ustidan g‘alaba qozonadi va tarixida ilk bor ushbu sovrin egasiga aylanadi. Taqdirlash marosimi oxirlab borayotganda esa, g‘oliblar orasidan uch kishi ajralib chiqadi va maydon markaziga keladi.
Bu uch kishi – o‘sha samolyotda sherigi bilan jamoadoshlarini qutqargan himoyachi Bill Foulks, avvaliga hushsiz yotib, keyin o‘ziga kelgan Bobbi Charlton va aynan shu kubok tufayli hayotga qaytgan Mett Basbi edi...
Boshlarini bir birining boshiga, qo‘llarini sherigining yelkasiga qo‘yib olgan bu uch kishi uzoq vaqt shu alfozda turib qolishdi. Ular ayni paytda nima haqida, kimlar haqida o‘ylaganliklarini aytish shart emas, albatta.
Qahramon Aslanov tayyorladi.
Mavzuga oid
16:05 / 08.11.2024
«Old Trafford»da «Amorim-bol»: Yangi murabbiy qo‘l ostidagi «MYu» qanday taktik yechimlar taqdim etadi?
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
16:20 / 02.11.2024
«MYu»da yangi bosh murabbiy. Klub Ruben Amorimni tanlashiga 4 sabab
17:38 / 28.10.2024