O‘zbekiston | 20:04 / 04.07.2018
34071
2 daqiqa o‘qiladi

Ajrimlarning asosiy sabablari haqida ma'lumot berildi

Bugunga kelib O‘zbekistonda ajrim holatlarining umumiy  ko‘rsatkichlari biroz oshgan - 31 930 ta (bir yil avvalgi ko‘rsatkich esa - 29 647 ta), ularning aksariyatiga oiladagi o‘zaro kelishmovchilik sabab qilib ko‘rsatilgan. KUN.UZ muxbiri Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatovaning Xalqaro Press-klubning FHDYo organlari faoliyatiga bag‘ishlangan sessiyasi doirasida bergan intervyusiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Mukarram Nurmatova
Foto: Xalqaro Press-klub

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ajrim ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan biroz oshgan, biroq ayrim hududlarda bu ko‘rsatkichlar pasaygan.

"Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ajrim holatlari kamaygani qayd etilgan. Toshkent shahrida ham atigi 4 taga kamaygan bo‘lsa-da, biz uchun bu ham natija hisoblanadi", - deydi Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rinbosari.

Tadbirda taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda qayd etilgan ajrimlarning sabablari quyidagilardan iborat:

  • o‘zaro kelishmovchilik - 67,4 foiz;
  • boshqa oila qurib yashayotganligi - 6 foiz;
  • farzandsizlik - 4,7 foiz;
  • tarafning boshqa davlatga chiqib ketganligi - 3,8 foiz;
  • uzoq vaqt birga yashamaganligi - 2,9 foiz;
  • xiyonat va boshqa sabablar - 2,8 foiz.

"Bugunga kelib O‘zbekistonda rasmiylashtirilmagan oilalar juda ko‘pligi aniqlanmoqda. Bularning hisobiga ham ajrim ko‘rsatkichlari oshib ketmoqda. Qaysi ma'noda? Masalan, erkak birinchi oilasidan qonuniy ajrashmay turib, ikkinchi nikohi bilan yashayapti. Biz joylarda yurib, oilalarni o‘rganib, ularni qonuniy ajrashtirib (chunki ikkinchi oilada farzandlar bor, hayoti yaxshi), keyingisi bilan nikohni qonuniylashtiramiz, bu esa birinchi oiladagi ajrim hisobiga umumiy ajrim ko‘rsatkichlarining oshishiga olib kelmoqda", - deydi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova.

Mavzuga oid