09:30 / 08.07.2018
18741

Tailandda g‘orda qamalib qolgan bolalarni qutqarish operatsiyasi boshlandi

Foto: Sport Ekspress

Tailand shimolidagi Txam Luang g‘orida qamalib qolgan 12 nafar maktab o‘quvchisi va ularning murabbiyini qutqarish operatsiyasi boshlandi, deb ma'lum qildi qutqaruv operatsiyasi shtabi boshlig‘i Narongsak Osottanakon.

Uning aytishicha, mahalliy vaqt bilan soat 10da (Toshkent vaqti bilan 8) xorijlik va tailandlik 13 nafar g‘avvosdan iborat jamoa hamda besh nafar tajribali suzuvchi g‘orga yo‘l olishgan. Txam Luang g‘ori oldidagi maydonda 13ta tez yordam mashinasi shay holatda turibdi.

Mahalliy futbol jamoasining o‘n ikki nafar yosh a'zosi va ularning murabbiyi 23 iyun kuni yo‘qolib qolgandi. Ular uzunligi yetti kilometrli Txam Luang g‘ori ichiga kirishgan va suv toshqini oqibatida ichkarida qolib ketishgan. Qidiruv operatsiyasi 10 kun davom etdi. 

G‘ordan chiqish yo‘lining besh kilometrli qismi suv bilan to‘lib qolgani ichkaridan chiqishga to‘sqinlik qilmoqda. Avvalroq g‘orda qamalib qolganlarni qutqarish bo‘yicha SpaceX va Tesla kompaniyalari rahbari Ilon Mask taklif bergandi

Mavzuga oid
Top