Light | 13:46 / 21.09.2018
47435
6 daqiqa o‘qiladi

Qanday qilib bolani yozishga o‘rgatish mumkin?

Maktabgacha yoshdagi farzandlari bo‘lgan ota-onalarga pedagog va ruhshunoslardan maslahatlar.

Foto: Layfxaker

Umumiy qoidalar

Kuniga 15 daqiqadan ortiq shug‘ullantirmang

Yozuv – qo‘llarning mutanosiblikdagi harakati, rivojlangan ko‘rish xotirasi, diqqat va o‘tirib ishlashni talab etadigan murakkab ko‘nikma. Maktab yoshidagi bola uchun uni darhol o‘zlashtirish mushkul. Shuning uchun bir qoidaga rioya qiling: biroz yozamiz – dam olamiz. Zo‘riqishni oshirib yuborish bola organizmi rivojlanishiga qattiq ta'sir qiladi.

Shoshirmang

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, bolalar o‘qishni bilish bilmasligidan qat'i-nazar, uch yoshidan boshlab so‘zlar va rasmlar o‘rtasidagi farqni ko‘ra boshlaydi.  Biroq bola bunday erta yoshda yozishga tayyor bo‘lmaydi: ularning miyasi kerakli ko‘nikmalarni 5-7 yoshga kelib shakllantiradi.

Yozishga tayyorlikni quyidagicha tekshirish mumkin:

  • Bolaga bir varaq qog‘oz berib, biror narsa chizishni taklif qiling.
  • Rasmning bir qismini bo‘yashni so‘rang.
  • Agar bola qog‘ozni doimiy ravishda aylantirib, chiziqlar yo‘nalishini bazo‘r o‘zgartirsa, demak, u harflarni yozishga hali tayyor emas.
Foto: Layfxaker

Majburlamang

Agar bola harflarni o‘rganishni istamasa, uni majburlamang. Yaxshisi kichik motorika va xotirani rivojlantiradigan mashqlar bilan shug‘ullaning.

Bo‘lajak birinchi sinf o‘quvchisiga “yozishni bilish” rasmiy talabi mavjud emas. 5-7 yoshda maktabda yozish uchun qo‘lni tayyorlab borishga e'tibor berish kerak.

Marina Suzdaleva, ruhshunos, erta rivojlantirish pedagogi, ota-onalar uchun kitob muallifi, onalar uchun klub asoschisi

Ma'lumotni o‘yin tariqasida yetkazing

Mashg‘ulotlarni - majburiyatga, o‘zingizni esa jiddiy o‘qituvchiga aylantirmang. Maktabgacha yoshdagi bolaning o‘qib-o‘rganishi qiziq o‘yinni yodga solishi lozim.

Marina Suzdalevaning so‘zlariga ko‘ra, hech qanday salbiy hislar, baho va tanqiddan foydalanmaslik zarur.

Yozma harflarni o‘rgatmang

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ota-onalardan mana shuni iltimos qilishadi. Gap shundaki, o‘quv qo‘llanmalarda harflarni yozish usullari bir-biridan farq qiladi.

Agar ota-onalar, eng muhimi kichkintoylarda kalligrafiyani o‘zlashtirishga qiziqish bo‘lsa, harflar elementlari ustida ishlashingiz mumkin. Bunday mashqlarni maktabgacha yoshdagi bolalarning yozuv daftarlarida uchratish mumkin.

3-5 yoshdagi tayyorgarlik

Mayda motorikani rivojlantiring

Bola yozishni o‘rganishi uchun uning mayda motorikasini rivojlantirish kerak. Bu uning katta bo‘lmagan buyumlarni qiyinchiliksiz boshqarish va ko‘z hamda qo‘llarning muvofiq harakatini talab etadigan harakatlarni bajara olishini anglatadi. Masalan, xamirdan narsalar yasash yoki rasmlar chizish.

Maktabgacha yoshdagi bolaning qo‘lini yozishga tayyorlash uchun quyidagi mashqlarni bajarib ko‘ring:

  • Qog‘ozdan chiziq bo‘ylab shakllarni qirqing.
  • Rangli qalam, flomaster va bo‘yoqlar yordamida chizing va bo‘yang.
  • Xamir va plastilindan narsalar yasang.
  • Konstruktordan modellar yig‘ing.
  • Mozaikalar bilan ishlang.
  • Ilmoqda to‘qing.

Mashqlarni doimiy tarzda bolaga qulay tezlikda kattalar bilan birgalikda bajarish lozim.

Aytgancha, barmoqlar harakatida miyaning nutq uchun javob beradigan peshona va chekka qismlari faoliyati kuchayadi: motorikasi rivojlangan bolalar yaxshi gapiradi.

Elementlar va bosma harflarni o‘rgatish – 5-7-yosh

Foto: Layfxaker

Barmoqlar bilan chizing

Harflarni ko‘pik, patnisga yoyilgan don-dun, terlagan oyna, havoda, asfalt ustida bo‘r bilan yoki barmoq bo‘yoqlari bilan qog‘ozda yozishni o‘rganish mumkin. Ularni poliz ekinlari urug‘laridan terib chiqish va plastilindan yasash mumkin. Harflarni aytayotganda unga muvofiq tovushlar hamda u bilan boshlanadigan so‘zlarni yodga olish kerak.

Harflar va raqamlarni chizish albomida yozing

Ishni elementlarni o‘zlashtirishdan boshlang: vertikal va gorizontal chiziqlar, oval va boshqalar. Vazifalarni maktabgacha yoshdagi bolalar uchun qo‘llanmalardan topish yoki mustaqil ravishda chizish mumkin.

Element namunasini chizing va boladan uni takrorlashini so‘rang. Agar xato qilsa, nima uchun aynan shunday qilish kerakligini so‘rang. Dastlabki tajribalar uchun alohida chizish albomini tutish kerak.

Maxsus yozuv daftarlardagi mashqlarni bajaring

Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun yozuv daftarida ko‘plab foydali mashqlarni uchratasiz: “naqshni davom ettir”, “tasvirni yakunla”, “namunaga qarab chiz”, “nuqtalarni birlashtir” va boshqa h.k. Ushbu mashqlar bolani tartibli yozuv, bosma harflarni yozishga o‘rgatadi. Katak va chiziqlar ichida yo‘nalish olishni osonlashtiradi.

Mavzuga oid