17:09 / 05.10.2018
18754

«Siti» va «Liverpul» o‘rtasida 6 ochkolik o‘yin. Hafta o‘yinlari anonsi

Dam olish kunlarida Yevropa yashil maydonlarida ligalarda navbatdagi tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. «Tribuna» uikendning asosiy o‘yinlari anonsini taqdim etadi.

MANCheSTeR YuNAYTeD – NYuKASL (6 oktabr, 21:30)

Agar avvalgi mavsum bo‘lganida, bu o‘yinga alohida e'tibor qaratish shart emasdi balki. Roppa-rosa bir yil oldin Mourino jamoasi 7 o‘yindan 6tasida g‘alaba qozonib, turnir jadvalini boshqarib turgan, o‘z darvozasidan bor yo‘g‘i 2ta to‘p olib chiqqandi. Hozir De Xea 10taga ko‘proq gol o‘tkazib yuborgan, jamoa avvalgi mavsumga nisbatan 10ta kam gol urgan. Ochkolar soni ham shunga yarasha, manchesterliklar peshqadamlardan ko‘ra, so‘nggi o‘rindagi jamoaga yaqinroq bo‘lib turibdi.

«Manchester Yunayted» barcha musobaqalarda to‘rt o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti. «Old Trafford»dagi statistika ham yanada qo‘rqinchli – Joze Mourino faoliyati davomida ilk marotaba qatorasiga to‘rt uy uchrashuvini g‘alabasiz o‘tkazdi. Mavsumning birinchi o‘yinida «Lester» ustidan qozonilgan g‘alaba «qizil iblislar» uchun o‘z muxlislari ko‘z o‘ngidagi yagona g‘alaba bo‘lib turibdi.

Buning ustiga, «Nyukasl»ning 7 turni g‘alabasiz o‘tkazayotgani chalg‘itmasin, «qarg‘alar» «Old Trafford»da noqulay mehmon hisoblanadi. Ikki yilda bir «Nyukasl» bu yerdan ochko olib ketadi.

Statistika-yu, raqib o‘z yo‘liga, avvalo, Mourino ichki muammolarni hal qilib olishi kerak. «Valensiya» bilan o‘yin mavjud savollarga javob bermadi: bir qaraganda, futbolchilar harakat qilishyapti, lekin natija o‘zgargani yo‘q. Murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi masofa o‘yindan o‘yinga kattalashib, norozilar soni oshib bormoqda. Gleyzerlarning Mourinoni qo‘llab-quvvatlashni boshlaganliklari va unga ishonishlarini ma'lum qilganliklari, balki vaziyatni o‘zgartirar, ko‘ramiz.

Ander Errera va Eshli Yang bu safar ham maydonga tushishi so‘roq ostida. O‘tgan o‘yinda yaxshi sport formada emasligi aytilgan Jyessi Lingard ham ko‘p ehtimolki, o‘ynay olmaydi. Benites jamoasida esa, Florian Layun safda emas. Salomon Rondon ham tiklanib ulgurgani yo‘q. Federiko Fernandes esa mashg‘ulotlarga qaytgan.

«Vest Hem» maydonidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Joze Mourinoning iste'fosi haqida xabarlar ko‘paygan, keyinchalik, murabbiyga navbatdagi o‘yinlar uchun imkon berilgani aytilgandi. «Valensiya» bilan o‘yinda hisob ochilmadi. Agar navbatdagi uy uchrashuvida ham uch ochko olinmasa, balki bu Joze Mourinoning Manchesterdagi so‘nggi o‘yini bo‘lishi mumkin.

BAVARIYa – BORUSSIYa M (6 oktabr, 21:30)

So‘nggi haftalarda qayerdandir muammolarga yo‘liqqan «Bavariya»ning navbatdagi o‘yini ham barchani e'tiborida bo‘lsa kerak. Nima bo‘lyapti?

Avvaliga «Ausburg» bilan o‘z maydonidagi durang, keyin esa, Berlinda 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Kovach shogirdlari birinchi o‘rindan tushib ketishdi. Noxush seriya Chempionlar Ligasida ham davom etdi. «Ayaks» bilan o‘yinda mehmonlar ancha faol va mazmunliroq o‘yin namoyish etishdi. Mavsumni qatorasiga 7 g‘alaba bilan boshlagan jamoa uchun juda kutilmagan holat.

Har ikki musobaqada ham vaziyatni o‘nglash «Bavariya» uchun balki u qadar qiyin bo‘lmasligi mumkin, lekin bu o‘yinlar bosh murabbiy Niko Kovachga bo‘lgan ishonchni kamaytirib bormoqda va allaqachon yosh murabbiyning iste'fosi haqida munozaralar boshlanib yuborilgan.

Bu safargi raqib Menxengladbaxning «Borusssiya» klubi Myunxenda muvaffaqiyatli to‘p suradi. Bundesligadagi so‘nggi 6 uchrashuvning 2tasida jamoa g‘alaba qozongan va bir marta durangga erishgan. «Borussiya» chempionatda ham hozircha tekis bormoqda. Menxengladbaxliklar jamoasi 6 o‘yinda 11 ochko to‘plagan va jamoani «Bavariya»dan atigi ikki ochko ajratib turibdi xolos.

«Bavariya» 3 kun oldin Chempionlar Ligasida to‘p surgani, mehmonlar esa, qo‘shimcha dam olish kunlariga ega bo‘lganliklari ham tomonlarning imkoniyatlarini bir-birlariga yaqinlashtiradi.

Tarkiblar borasida aytilsa, «Bavariya»da o‘sha uzoq muddatga safdan chiqqan Tolisso va Koman yo‘q, shuningdek, Rafinyaning qaytishi terma jamoalar tanaffusidan keyin ro‘y bersa kerak. «Borussiya»da Xulio Vilabla mashg‘ulotlarga qaytdi. Drmich va Rafael ham qaytish arafasida, ammo ertangi o‘yinda maydonga tushishga ulgurishmasa kerak.

ATLeTIK – ReAL SOSeDAD (6 oktabr, 23:55)

Bilbaoning «San Mames Barria» stadionida navbatdagi bask derbisi bo‘lib o‘tadi. Mos ravishda 7 va 8 ochkodan jamg‘arib, turnir jadvalida qo‘shni bo‘lib turgan ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin qanchalik keskin o‘tishi mumkinligiga ortiqacha ta'rif shart bo‘lmasa kerak.

Jamoalar turnir jadvalining ikkinchi yarmida borishayotganiga e'tibor bermang, bu safargi La Liga biroz boshqacha boshlandi. 17-o‘rindagi «Eybar»ni peshqadam «Barselona»dan atigi 7 ochko ajratib turibdi. Solishtirish uchun, Fransiya chempionatida «PSJ» va 2-o‘rindagi «Lill»ni ko‘proq – 8 ochko masofa ajratib turibdi. Ispaniyaning o‘rtamiyona jamoalarining saviyasi oshdimi yoki top klublarda muammolar paydo bo‘lishi bilan bog‘liqmi bu?

La Ligada bunday holat yuzaga kelishiga sababchi jamoalardan biri «Atletik». Bilbaoliklar so‘nggi 4 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilishmayapti, lekin mana shu 4 tur ichida jamoa «Real» bilan ham, «Barselona» bilan ham durang o‘ynadi. «Real» bilanku, jamoa o‘zi uchun qulay bo‘lgan uy stadionida o‘ynadi, lekin «Kamp Nou»dan ochko bilan qaytish juda katta natija.

Sosedadliklarning  natijalari ham paradokslarga to‘la. Jamoa bu mavsumda hali uyida g‘alaba qozonmadi. Har ikki g‘alaba ham safarda qo‘lga kiritilgan. Jamoa o‘yini endi izga tushdi, deyildi hamki, o‘tgan turda shu paytgacha g‘alaba nimaligini bilmay kelgan «Valensiya»dan mag‘lubiyat qabul qilindi. Demak, safar jamoasi sifatida ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan «Sosedad»ning, shuningdek, Bilbaoda ham juda muvaffaqiyatli to‘p sura olishini ta'kidlash kerak. Bu yerda o‘tgan so‘nggi besh o‘yinning atigi bittasida «Atletik» g‘alaba qozongan xolos.

LIVeRPUL – MANCheSTeR SITI (7 oktabr, 20:30)

Starrijning «Chelsi» darvozasiga so‘nggi daqiqalarda urgan goli «Liverpul»ga peshqadamlikni saqlab qolish imkonini bermadi - «Manchester Siti» ikki asosiy raqobatchisi durangidan foydalanib, birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ana endi, kim qirol ekani haqidagi savolga «Enfild»da javob axtarib ko‘riladi. Har ikki jamoa ham 7 o‘yindan 6 g‘alaba va bir durang bilan parallel bormoqda va hatto Chempionlar Ligasidagi ko‘rsatkichlar ham o‘xshash – bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat.

Umuman, Yurgen Klopp uslubi «Manchester Siti» uchun eng noqulay sanaladi. Dastlabki mavsumda Klopp Gvardiolani ikki o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchratdi. O‘tgan yilning avgustida esa, Manening qizil kartochkasi ortidan mehmonlar darvozasiga urilgan besh gol nihoyat «Manchester Siti»ning ustunlik davri boshlanganidan darak qilgandek edi. Ammo keyingi uch o‘yinda yana «Liverpul» g‘alaba qozondi.

Avvaliga, chempionat o‘yinda 4:3 hisobida g‘alaba qozonilgan bo‘lsa, Yevropa Chempionlar Ligasidagi to‘qnashuv yana qizillarning ustunligini ta'minladi. Kloppning faol pressing va tezkor qarshi hujumlarga asoslangan futboliga qarshi hozircha Gvardiola biror farqli yo‘nalish o‘ylab topgani yo‘q. Gvardiola buning ustida ishlamasa ham kerak. Ispaniyalik mutaxassis doimo o‘z jamoasi o‘yinini takomillashtirish yo‘lidan boradi. Demak asosiy savol, bu safar ikki maktab qarama-qarshiligida kimning qo‘li baland keladi?

Gap faqat Pep va Kloppda emas, umuman, «Enfild» «shaharliklar» uchun o‘ta noqulay o‘yingoh hisoblanadi. O‘n yillar oldinku, «Manchester Siti» peshqadamlardan ancha uzoq bo‘lgan, ammo katta pullar kirib kelgach, «Siti» uch marta APLni yutgan keyingi davrlarda ham bu stadionda doimo ochko yo‘qotgan. «Manchester Siti»ning «Liverpul» maydonidagi so‘nggi g‘alabasi 2003 yilga to‘g‘ri keladi.

Tarkibdagi muammolar «Manchester Siti»da jiddiyroq. Benjamin Mendi va Ilkay Gundo‘g‘an bu o‘yinda tarkibdan chetda qolsa kerak. Ammo yaxshi xabar ham bor – Kevin de Bryuyne mashg‘ulotlarni boshlagan. Belgiyalik yarim himoyachi hech bo‘lmaganda zaxiradan jamoasiga yordam berishi mumkin. «Liverpul»da esa, jamoa o‘yiniga muvozanat berib turgan va balki aynan «Siti» kabi raqiblar uchun samarali bo‘lishi kutilgan Nabi Keyta «Napoli»ga qarshi o‘yinda jarohat oldi.    

VALeNSIYa – BARSeLONA (7 oktabr, 23:45)

Hafta o‘rtasini har ikki jamoa ham Angliyada o‘tkazdi. «Valensiya» «Old Trafford»da yaxshi taassurot qoldirib, durang o‘ynab qaytgan bo‘lsa, «Barselona» nihoyat noxush seriyasiga chek qo‘ydi va «Uembli»ning vaqtinchalik mezbonlari ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Ungacha o‘tgan 3 turda «Barselona» ikki marta o‘z maydonida durang o‘ynagan va «Leganes»ga mag‘lub bo‘lgandi. «Valensiya» esa, umuman duranglar girdobidagi qolib ketgan. Angliyadagi durangdan oldin Marselino shogirdlari ligadagi yetti o‘yinning beshtasida durangga imzo chekishgandi.

«Valensiya» o‘z maydonida yetakchilarga yetarlicha qarshilik ko‘rsatib kelsa-da, aynan «Barselona» bilan statistika yaxshi emas. So‘nggi 22 o‘yindan atigi 2tasida «ko‘rshapalaklar»ning qo‘li baland kelgan. Qizig‘i, mana shu ikki g‘alaba ham «Mestalya»da emas, «Kamp Nou»da qo‘lga kiritilgan. Ushbu stadionda kataloniyaliklar so‘nggi bor mag‘lub etilganiga ham o‘n yildan oshdi.

Tarkiblar borasida mehmonlarda muammolar ko‘proq. «Valensiya» tarkibida faqat Santi Mina safdan chiqqan. Shuningdek, Manchesterda juda faol o‘ynagan Guedesh ham tiklanib ulgurmagan bo‘lishi mumkin. «Barselona» safida esa, Luis Suares tizzasidan jarohat oldi va bu o‘yinda jamoasiga yordam bera olmasligi mumkin. Bundan tashqari, Serjio Roberto va Samuel Umtiti ham jarohatda.

PSJ – LION (7 oktabr, 23:55)

Hozirda «Lill» va «Monpele» Parijni yaqinroq ta'qib qilayotgan bo‘lishsa-da, bu ikki raqib o‘rtasidagi farq allaqachon 10 ochkoga yetib ulgurgan bo‘lsa-da, bir narsani tan olish kerak – o‘yin sifati, tarkibi va kuchi bo‘yicha «PSJ»ga eng yaqin kela oladigan jamoa «Lion»dir. Fransiyada ham katta o‘yin ko‘rishni istasangiz, bu hafta buyurtmangiz bajariladi.

«Lion» Manchesterda Gvardiola jamoasini yengib, katta o‘yinlarda ham natija ko‘rsata olishini isbotladi. Chempionatni kuchli boshlagan «Dijon» va «Marsel» kabi jamoalar ustidan g‘alabalar ham jamoaning katta o‘yinlarga tayyorligidan darak. Umuman, lionliklar jamoasi barcha musobaqalalarda olti o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramay kelishyapti. «PSJ» - navbatdagi sinov.

Shuningdek, bu o‘yin «PSJ» uchun ham yaxshigina imtihon. Tuxel jamoasi ushbu mavsumda o‘tkazilgan 12 o‘yinning 11tasini o‘z foydasiga hal qildi va ushbu 11 o‘yinning barchasida raqib darvozasini kamida uch marotabadan ishg‘ol qila oldi. «PSJ» joriy mavsumda Yevropaning eng ko‘p gol urgan jamoasi bo‘lib turibdi. «Tsrvena Zvezda»ga qarshi Chempionlar Ligasi o‘yinidagi 6:1 hisobidagi g‘alaba va Neymarning het-trigi parijliklarning o‘yindan-o‘yinga yanada kuchayib borayotganini ko‘rsatib turibdi.

BOShQA O‘YINLAR

6 oktabr. «BORUSSIYa» D – «Ausburg» (18:30), «TOTTeNHEM» – «Kardiff» (19:00), «Alaves» – «ReAL» (21:30), «Empoli» – «ROMA» (23:30)

7 oktabr. «Fulhem» – «ARSeNAL» (16:00), «MILAN» – «Kevo» (18:00), «Sauthempton» – «CheLSI» (18:15), «NAPOLI» – «Sassuolo» (21:00), SPAL – «INTeR» (23:30).

Mavzuga oid
Top