16:38 / 30.10.2018
51579

AIBA prezidentligi yo‘lida G‘ofur Rahimovga raqobatchi paydo bo‘ldi

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Xalqaro Boks Assotsiatsiyasining (AIBA) shu hafta bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida tashkilotning hozirgi vaqtinchalik rahbari G‘ofur Rahimovdan tashqari amaldagi vitse-prezident qozog‘istonlik Serik Qo‘naqbayev ham ishtirok etadigan bo‘ldi.

29 oktabr kuni Sport Arbitraj Sudi (CAS) saylovda ko‘rsatgan nomzodi qabul qilinmagan Konakbayevning apellyatsiyasini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Bu haqda bugun sud rasmiy saytida ma'lum qilindi.

«AIBA Saylov Qo‘mitasi ba'zi federatsiyalarning o‘z nomzodini ilgari surish uchun yuborgan hujjatlarini noto‘g‘ri shaklda bo‘lgani sababli noo‘rin ravishda qabul qilmagan, ammo bunday nomzodlik arizalari qoniqarli deb topilishi kerak edi. Shuning uchun ham Kengash Serik Qo‘naqbayev AIBA prezidentligi uchun talab etiladigan kamida 20 ta ovozni belgilangan muddat ichida to‘play olgan, deb hisoblaydi», - deyiladi sud bayonotida.

Serik Qo‘naqbayev / Foto: Kazinform

Eslatib o‘tamiz, Osiyo Boks Konfederatsiyasi prezidenti Serik Qo‘naqbayevning nomzodi AIBA prezidentligi uchun saylovda ishtirok etish uchun hujjatlarni vaqtida yetkazib bera olmagani tufayli yakuniy bosqichga o‘tkazilmagan edi. U o‘zini kamida 20 ta davlat federatsiyasi qo‘llab-quvvatlashi haqidagi ma'lumotni jo‘natishda bir necha soatga kechikkan.

G‘ofur Rahimov va Serik Qo‘naqbayev 26 sentabr kuni prezidentlik uchun o‘z nomzodlarini ilgari surishgan edi. Avvalboshdan raqobat faqat ushbu ikki nomzod o‘rtasida kechmoqda.

Jahon havaskor boksining bosh rahbarligi uchun saylov 3 noyabr kuni tashkilotning Moskvadagi Kongressida bo‘lib o‘tadi.

Mavzu
XOQ va AIBA urushi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti bo‘lishini istamayapti va boks sportini olimpiada dasturidan chiqarish bilan tahdid qilmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top