O‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti lavozimi uchun saylovlarda yagona nomzod sifatida tasdiqlandi. Bu haqda Insidethegames nashri xabar bermoqda.

G‘ofur Rahimov Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Saylovda ikkinchi nomzod bo‘lishi kutilgan Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti, qozog‘istonlik Serik Qo‘naqbayev esa hujjatlarni vaqtida yetkazib bera olmagan va kurashdan chiqqan.

Nomzodlar ro‘yxati bugun, 3 oktabr kuni e'lon qilinishi kerak edi. Qo‘naqbayevning nomzodi ro‘yxatdan o‘tkazilishi uchun uni 20ta davlat vakillari qo‘llab-quvvatlagan, ammo u hujjatlarni jo‘natishda bir necha soatga kechikkan. Manba ma'lumotiga ko‘ra, Qo‘naqbayev ushbu vaziyat yuzasidan shikoyat qilmoqchi.

Serik Qo‘naqbayev / Foto: Kazinform

Ma'lumot uchun, Rahimov ayni vaqtda AIBA prezidenti vazifasini bajaruvchi hisoblanadi. AIBA prezidenti saylovlari 3 noyabr kuni tashkilotning Moskvadagi kongressida bo‘lib o‘tadi. Shu yig‘ilishda Rahimov nomzodi prezidentlik uchun rasman tasdiqlanadi.

Tashkilot vitse-prezidentligi uchun nomzodlar ham ma'lum: Afrika boks konfederatsiyasi (AFBC) prezidentligi uchun Marokash vakili Muhammad Mustahzon, Amerika boks konfederatsiyasi (AMBC) prezidentligi uchun Argentina vakili Osvaldo Bisbal, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidentligi (ASBS) uchun BAA vakili Anas Alotayba hamda Tailand vakili Pichay Chunhavajira, Yevropa boks konfederatsiyasi (EUBC) prezidentligi uchun Italiya vakili Franko Falchinelli, Okeaniya boks konfederatsiyasi (OCBC) prezidentligi uchun Avstraliya vakili Edgar Tanner.

Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi 2017 yil noyabr oyi boshida Ching-Kuo Vuni qator intizomiy ayblovlar va moliyaviy rastratada ayblab, uni qo‘mitadan vaqtinchalik chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Shundan so‘ng, noyabr oyi oxirida tayvanlik funktsioner o‘z xohishi bilan prezidentlikdan iste'foga chiqqan. 2018 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan Kongress majlisi Vuga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirganidan so‘ng, uning o‘rniga G‘ofur Rahimov prezident vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlangan edi.