O‘zbekiston | 08:51 / 06.07.2019
7535
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo davlatlari yagona elektr energiyasi bozorini yaratish bo‘yicha deklaratsiya imzolashdi

Foto: Ruslan Shamukov/TASS

Joriy yilning 4 iyul kuni Istanbul shahrida Energetika islohotlari bo‘yicha Markaziy Osiyo ikkinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Turkiya Respublikasi Energetika vazirligi ko‘magida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston energetika vazirliklari hamda davlat kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. 

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Tadbirning ochilish marosimida Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi bosh direktori Mitxat Jonsiz, O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev so‘zga chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari o‘z so‘zida elektr energiyasi mintaqaviy birjasini tashkil etishni taklif qildi. Mazkur tashabbus konferensiyaning barcha ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi ushbu tashabbusni amalga oshirishda Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda yordam berishga, o‘z navbatida OTB ham ushbu masalada mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Tadbir doirasida mintaqa davlatlari energiya tizimini integratsiya qilish, shuningdek bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Konferensiya yakuni bo‘yicha energetika sohasi islohotlari bo‘yicha hamkorlik qilish hamda yagona elektr energiyasi bozorini yaratish xususida qo‘shma deklaratsiya imzolandi. 

Qayd etish kerak, Energetika islohotlari bo‘yicha Markaziy Osiyo birinchi konferensiyasi O‘zbekiston hukumatining tashabbusi bilan OTB ko‘magida 2018 yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi.

Mavzuga oid