Medvedev AQSh savdo vazirining O‘zbekiston va YeOII haqidagi so‘zlariga javob qaytardi
Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev AQShning O‘zbekiston va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga kirishini murakkablashtirishi haqidagi bayonotini raqobatbardosh bo‘lmagan kurashning ko‘rinishi, deb atadi. Bu haqda TASS yozmoqda.
«Bugun O‘zbekistonda Amerika Qo‘shma Shtatlarining vazirlaridan biri, ular shunchalik ko‘pki, hatto kim ekani yodimda yo‘q, Yevrosiyo ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonning JSTga kirishini qiyinlashtirishi haqida gapirdi, - deya izoh bergan Medvedev Yevrosiyo hukumatlararo kengashi majlisida. - Aytishim mumkinki, bu aniq raqobatbardosh bo‘lmagan kurashning usullaridan foydalanishdir».
Shu bilan birga, Rossiya bosh vaziri aynan kimni nazarda tutgani ma'lum emas. Ta'kidlab o‘tish joizki, O‘zbekistonga yaqin vaqt ichida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan u yoki bu sohaga mas'ul bo‘lgan vazirlar tashrif buyurmadi.
Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi bosh vazirining fikriga ko‘ra, jahon savdosini tashkillashtirishda chalkashliklarni keltirib chiqaradigan, savdo urushlarini olib boradigan va aslida xalqaro savdo aylanmasini buzib ko‘rsatadigan Amerika ma'muriyatidan bunday so‘zlarini eshitish g‘alatidir. Rossiya hukumati rahbarining taxmin qilishicha, G‘arbdagi hamkasblar Yevrosiyoda ro‘y berayotgan integratsiya jarayonlarini «yoqtirmaydi». «Ammo, shubhasiz, biz bu sohada sheriklarimiz bilan ishlashni barcha yo‘nalishlarda davom ettiramiz», - deya xulosa qildi Medvedev.
Avvalroq, AQSh savdo vaziri Uilbur Ross Amerika-O‘zbekiston savdo palatasida bo‘lib o‘tgan biznes-forum chog‘ida O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lish istagi ushbu mamlakatning JSTga a'zo bo‘lish jarayonini murakkablashtirishi va cho‘zishi mumkinligini aytgandi.
Bundan oldin, Rossiya Federatsiyasi Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida ma'lum qilgandi.
«O‘zbekiston prezidenti bir qarorga kelgan va O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy kengashiga qo‘shilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda», – dedi Matviyenko Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuv chog‘ida.
Matviyenkoning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonning YeOII a'zosiga aylanishi Rossiya bilan aloqalar rivojiga yangi turtki beradi va bu orqali hozirda mavjud ba'zi to‘siqlarning bartaraf etilishiga erishiladi.
«Prezidentlarimiz ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishib olishgan. Rossiya tomonidan bu ishchi guruhga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Siluanov boshchilik qilyapti. Guruh ehtimoliy shartlar, risklar va salbiy oqibatlarning oldini olish tahlili yuzasidan juda tig‘iz va yaxshi tempda ish olib boryapti. Tahlil ishlari yil oxiriga qadar yakunlanishi kerak», – deya Matviyenkoning so‘zlarini keltirgan TASS.
Uning so‘zlariga ko‘ra, YeOIIning barcha a'zo davlatlari bu kabi tahliliy baholash ishlarini olib borishyapti, chunki tashkilotga yangi a'zoni qabul qilish masalasidagi qaror birgalikda qabul qilinadi.
«O‘zbekiston prezidenti iqtisodiy integratsion birlashmalarda ishtirok etish – bugungi kunning real voqeligi ekanini tushunadi. U haq, yakuniy qaror qabul qilishdan oldin a'zo bo‘lish shartlari yuzasidan juda jiddiy tahlil o‘tkazish, bu iqtisodiyotga ziyon yetkazmaydimi, ish o‘rinlari soniga ta'sir qilmaydimi kabi shu va boshqa savollarga javob topish zarur», – deb qayd etdi Valentina Matviyenko.
O‘z navbatida, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko YeOIIda SSSR tajribasidan foydalanishni taklif qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil iyun oyida Senatning 20-yalpi majlisida senatorlarga murojaat qilib, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lish yoki bo‘lmaslikdan kelib chiqadigan foyda-zararlar haqida gapirgan edi.
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 2015 yilda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va Belarus a'zoligida tashkil etilgan. Tashkilotga a'zo davlatlar iqtisodiy masalalarda o‘zaro kelishgan holda qarorlar qabul qilish, o‘zaro tovar va xizmatlarni ayirboshlash, mehnat kuchi va kapital almashinuvi bo‘yicha cheklovlarni minimallashtirishga kelishib olishgan.
Mavzuga oid
20:15 / 26.12.2024
Mirziyoyev: YeOII davlatlari fuqarolariga ichki hujjatlari bilan O‘zbekistonga kirish imkonini berishga tayyormiz
07:09 / 14.12.2024
Abdulla Aripov YeOII hukumat rahbarlari kengashi majlisida qatnashdi
14:38 / 07.11.2024
«Turkiy davlatlar tashkiloti YeOIIga raqobatchi bo‘ladi» – qirg‘iz siyosatshunosi
22:40 / 19.10.2024