22:54 / 31.12.2019
0
4613

Fransiyalik oshpaz Michelin reytingini tuzuvchilarga qarshi sudda yutqazdi

"Michelin qizil gidi" oshxonalar reytingida uchta yulduzining bittasidan ayrilgan bosh oshpaz Mark Veyra sud orqali ushbu reyting nimalarga asoslanib tuzilishini aniqlashga muvaffaq bo‘la olmadi.

Veyraga qarashli La Maison des bois restorani 2018 yilda uchinchi Michelin yulduzini olgandi, ammo bu yil uchinchi yulduzidan mahrum bo‘ldi. Bunga nima sabab bo‘lgani noma'lum.

Veyra nashrni nimalarga asoslanib uni bitta yulduzdan mahrum qilishganini ochiqlashlarini so‘rab sudga berdi va sudda g‘alaba qozongan taqdirda Michelin nashrining keyingi reytinglariga uni kiritmasliklarini, uchinchi yulduzidan ajralganidan keyin "tushkunlikka tushib qolgani uchun" ramziy 1 yevro jarima to‘lashlarini talab qildi. 

Reyting tuzuvchilarining advokati esa da'vogar har safar yulduzga erishganida nimalarga asoslanib unga yulduz berilganiga qiziqmaganligini ta'kidladi.

Yanvar oyida Veyradan tashqari 50 yildan buyon uch yulduzlilar ro‘yxatida bo‘lgan L"Auberge de l"Ill restoranlari va qatorasiga 11 yil yuqori o‘rinda bo‘lgan L'Astrance restorani ham bittadan yulduzidan ayrilgandi.

Michelin kompaniyasining gid nashri 1900 yildan buyon chiqariladi. Unda dastlab mehmonxonalar, restoranlar va avtoturargohlar ro‘yxati chop etilgan bo‘lsa, keyinchalik restoranlar reytingi tuzila boshlagan. Bugungi kunda bitta yulduz "yaxshi restoran", ikkita bo‘lsa - "a'lo oshxona", uch yulduz esa - "qoyilmaqom muassasa"ni anglatadi.

Restoranlarni baholash mezonlari tijorat siri hisoblanadi. Restoranlarni maxfiy ravishda tashrif buyuradigan nashr inspektorlari baholashadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top