O‘zbekiston | 18:48 / 04.03.2020
10021
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro konferensiya yakunlandi: Imom Moturidiy ta'limoti bo‘yicha an'anaviy tanlov o‘tkazish taklif qilindi

Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro konferensiya yakunlandi, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.

Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro konferensiyada yigirmaga yaqin davlatdan ulamolar, islomshunos olimlar, nufuzli ta'lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari qatnashdi.

Yakuniy yalpi yig‘ilishda qayd etilganidek, ikki kun davomida asosiy va ikkita sho‘'ba majlislarida qirqdan ortiq ma'ruza tinglandi.

Ma'ruzalarda Imom Abu Mansur Moturidiy shaxsi va aqidaviy qarashlari, moturidiylikning mafkuraviy asosi, moturidiya kalom maktabiga oid yangi manbalar, ushbu ta'limotning bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr bildirildi.

Jumladan, Pokiston bosh muftiysi, Karachi islom universiteti prezidenti Muhammad Rafi' Usmoniy o‘z ma'ruzasida hozirgi kunda internet tarmog‘i orqali moturidiylik ta'limotiga ayovsiz hujumlar uyushtirilayotgani bilimsizlik natijasi ekanini qayd etdi.

Malayziya islom ilmlari universiteti professori Kamoliddin Nuriddin Marjuniy moturidiya ta'limoti ahli sunna aqidasini himoya qilish, uning raqiblariga raddiya berishda ulkan fazilatlarni namoyon etib borayotgani, uning taassubdan yiroqligi, mo‘'tadilligi, islom g‘oyalarini bag‘rikenglik tamoyiliga mos tushuntirishi bilan barchaga o‘rnak bo‘lib kelayotganini aytib o‘tdi.

Anjuman yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida tavsiyalar ishlab chiqildi.

Xususan, alloma asarlari bibliografiyasini yaratish, kitoblarni ko‘proq nashr etish, ularda ilgari surilgan g‘oya va qarashlarni sodda tilda yoshlarga o‘rgatish, maxsus sayt yaratib, Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiya ta'limoti haqida ma'lumot berib borish, kutubxona tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Anjuman qatnashchilari Al-Azhar universiteti talabalari va tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy asarlari va moturidiya ta'limoti bo‘yicha an'anaviy tanlov o‘tkazish, tanlov g‘oliblarining O‘zbekistonga ilmiy-ijodiy safarlarini uyushtirish tashabbusini bildirdi.

Yalpi yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.Qosimov, Al-Azhar majmuasi rahbari, Misr bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha Shayx Ahmad Tayyibga “Samarqand shahri faxriy fuqarosi” unvoni berilgani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid