Shavkat Mirziyoyev investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni Jizzax viloyatidan qaytib kelgach, Toshkentda investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlab 2021 yilda tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Rasmiy relizga ko‘ra, O‘zbekistondagi tijorat banklari 2021 yilda 120 trillion so‘m miqdoridagi yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qurilish materiallari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, neft-kimyo, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan 14 ta yirik investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan.
Masalan, Sirdaryo shahrida faoliyat yuritayotgan polietilen qop va yengil konteynerlar ishlab chiqarish korxonasida 2 mingga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Buning davomi sifatida, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «spanbond-meltblaun» noto‘qima matolarini ishlab chiqarishga qaratilgan 94 million dollarlik loyiha rejalashtirilgan.
Yangi loyihalar orqali maxsus texnikalar, polimetall mahsulotlar, geosintetik materiallar, mineral paxta asosida qurilish plitalari, quvur, oyna va boshqa mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda kichik sanoat zonalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahridagi investitsion loyihalar bo‘yicha ham ma'lumot berildi.
Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan, 2020 yilda moliyalashtirishning barcha manbalari hisobiga 3,7 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Qiymati 11 trillion so‘mdan ziyod 306 ta loyiha foydalanishga topshirilib, qariyb 13 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan, deyiladi xabarda.
Misol uchun, Bektemir tumanidagi «DSK Binokor» MChJ 504 milliard so‘mlik investitsiya hisobiga temir-beton mahsulotlar, Sergeli tumanidagi «Bek Mega Textile» korxonasi 119 milliard so‘mlik investitsiya evaziga to‘qimachilik tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etgan.
Bu boradagi ishlarni davom ettirish maqsadida 2021–2023 yillar uchun qiymati 109 trillion so‘mdan ziyod 1 277 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan qariyb 4,9 milliard dollari xorijiy investitsiya va kreditlarga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu sa'y-harakatlar 86 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.
Joriy yilda mazkur loyihalar doirasida barcha manbalar hisobidan 4,1 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan. 454 ta loyihani ishga tushirib, qariyb 29 ming kishini ish bilan ta'minlash maqsad qilingan.
Mavzuga oid
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
21:28 / 19.12.2024
2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda
16:43 / 10.12.2024
Toshkent viloyatining meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarida 3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yiladi
16:26 / 07.12.2024