O‘zbekiston | 17:11 / 12.01.2021
5408
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent - Seul yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi aviaqatnovlar sanasi tasdiqlandi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent - Seul (Incheon aeroporti) yo‘nalishi bo‘yicha Koreyaga kirish uchun amaldagi ruxsatnomaga ega bo‘lgan chet el fuqarolarini, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolarini tashish imkoniyati mavjud bo‘lgan navbatdagi qatnovlar sanasi tasdiqlanganini ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

Qatnovlar 2021 yil 28 yanvar va 2021 yil 2 fevral kunlari amalga oshiriladi, deyiladi kompaniya xabarida.

Shu kunlarda Toshkent - Seul yo‘nalishi bo‘yicha amaldagi viza bilan xorijiy fuqarolarni tashish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:

amaldagi kirish vizasining mavjudligi (2020 yil 05.04.gacha berilgan C turdagi vizalar bundan mustasno);

Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tasdiqlangan laboratoriyalarning biri tomonidan uchish sanasidan 72 soatdan oshmagan vaqt davomida berilgan PZR usuli bilan olingan COVID-19 uchun salbiy test natijasining mavjudligi.

Ma'lumotnoma Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Bildirilishicha, Koreya tomonidan cheklovlar sababli o‘rindiqlar soni cheklangan. O‘zbekiston qatnovlariga ruxsat etilgan maksimal yo‘lovchilar soni - 165 yo‘lovchi.

Shuningdek, ko‘rsatilgan sanalarda Toshkentdan Incheon aeroporti orqali uchib ketadigan tranzit yo‘lovchilarni tutash vaqti 24 soatdan kam bo‘lgan, Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tasdiqlangan PZR test ma'lumotnomasi bo‘lishi sharti bilan uchinchi mamlakatlarga tashish imkoniyati mavjud.

So‘nggi manzil yoki undan keyingi tranzit mamlakatlariga kirish qoidalariga rioya qilish uchun javobgarlik tranzit yo‘lovchilar zimmasiga yuklatiladi.

Boshqa kunlari rejalashtirilgan qatnovlar uchun (2021 yil 21 yanvar, 4 fevral va 18 fevral) avvalgi cheklovlar amal qiladi, ya'ni Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tasdiqlangan PZR test ma'lumotnomasiga ega faqat Koreya fuqarolari va F-5, F-6 vizalari bo‘lgan chet el fuqarolari qatnovlarga qo‘yiladi. Ushbu qatnovlarda tranzit yo‘lovchilarining tashuvi amalga oshirilmaydi.

Koreya Respublikasiga kelgandan so‘ng, barcha yo‘lovchilar PZR test topshirishi va yashash joyida 14 kunlik o‘zini o‘zi yakkalash rejimiga rioya qilishi shart. O‘zini izolyatsiya qilish joyi bo‘lmagan yo‘lovchilar o‘z hisoblaridan yashash davri uchun 2,100,000 KRW to‘lab maxsus davlat karantin muassasalarida o‘zini izolyatsiya qilishi shart.

Mavzuga oid